“Uzbekistan GTL” mahsulotlari Xitoyda namoyish etildi

    Sanoat 18 Sentabr 2023 1136

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” zavodi xodimlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasi Gansu provinsiyasida boʻlib oʻtgan “Finechem China 2023 International Fine Chemical Industry Expo” koʻrgazmasida ishtirok etdi.

    Ushbu xalqaro koʻrgazma neft va gaz korxonalari uchun ilgʻor texnologiya va uskunalar bilan tanishish, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, yetakchi xorijiy kompaniyalar oʻrtasida tajriba almashishga qaratilgan. Unda dunyoning yetakchi kompaniyalaridan 400 dan ortiq vakillar qatnashdi.

    Oʻzbekiston uchun ajratilgan pavilyonda “Uzbekistan GTL” mahsulotlari namoyish etildi, zavodning ishlab chiqarish quvvatlari hamda kelgusida rejalashtirilayotgan loyihalari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

    Tadbir doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari “Rezel Catalysts Corporation” va “Glory Now Energy” korxonalari bilan kimyoviy mahsulotlarni mahalliylashtirish boʻyicha Oʻzbekistonda uchrashuv oʻtkazishga kelishib oldi.

    Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodining nafta mahsulotiga qiziqish bildirgan Xitoyning “Lexiang Petrochemical” va “Jinyingchem” korxonalari vakillari bilan oʻzaro fikr almashildi.

    Delegatsiya aʼzolari Xitoyning “Lanzhou Lan PumpCo Ltd” zavodining nasos ishlab chiqarish maydonlariga ham tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati “Uzbekistan GTL” MCHJ maʼlumotlariga tayanib.