Yangi korxona GTL, yaʼni “gazni – suyuqlikka” texnologiyasi asosida yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 1,5 million tonna tayyor mahsulotlar – aviakerosin, dizel yoqilgʻisi, nafta, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bunday zavod shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, JAR va Malayziyada barpo etilgan. Bu yerda yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollari yoki 12,8 trillion soʻmdan ortiq import oʻrnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xom ashyolari ishlab chiqariladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori asosida amalga oshirilgan loyihaning taʼsischisi “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi

Bugungi kunda Oʻzbekiston tabiiy resurslaridan foydalanishga tubdan yangicha yondashuvni maqsad qilgan. Buning yorqin namunasi yangi UzGTL zavodi tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilganidir.

Bu kabi yirik loyihalar tufayli Oʻzbekiston bosqichma-bosqich tabiiy gaz xomashyosi eksportidan voz kechib, neft mahsulotlari importini kamaytirmoqda. Bu esa, energetik mustaqilligimizni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshilayotganidan dalolat beradi.

Nafaqat Oʻzbekiston, balki MDH mamlakatlari ichida eng yirik investitsiya loyihalardan biri hisoblanadigan mazkur UzGTL majmuasi ham innovatsion ishlab chiqarish namunasidir. Shuningdek, MDH hududidagi eng zamonaviy va innovatsiyalardan biri bu – korxonaning markaziy boshqaruv pulti va zavod markaziy laboratoriyasidir.

Shu oʻrinda GTL texnologiyasi oʻzi nima, bu uslubga tayanadigan zavodning oʻziga xosligi nimalarda aks etadi, degan savolga oydinlik kiritib oʻtsak. Inglizcha Gas to Liquids, yaʼni gazdan suyuqlik hosil qilishni anglatuvchi ushbu tushuncha tabiiy gazdan foydalangan holda ekologik toza va zamonaviy yonilgʻi turlarini, shuningdek, boshqa qimmatbaho kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonini ifodalaydi.

GTL texnologiyasi asosida tabiiy gazdan qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olish uch bosqichda amalga oshiriladi. Ushbu texnologiya asosida tayyorlangan zamonaviy yonilgʻi turlari ekologik jihatdan sifatli va toza. Bu esa, oʻz navbatida, bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan tabiatga zarar yetkazmaslik tamoyiliga ham mos tushadi.

Masalan, GTL dizel yonilgʻisini olaylik. Yuqori texnik tavsifga ega va tarkibida oltingugurt miqdori deyarli boʻlmagan GTL dizelidan atmosferaga aytarli chiqit chiqmaydi.

GTL dizelini toza holda dizel dvigatellarida qoʻllash, shuningdek, anʼanaviy dizel mahsulotlari bilan aralashtirish uchun xomashyo sifatida foydalanish ham mumkin.

Uning toza va toʻliq yonishi esa dvigatellarning foydalanish muddatini uzaytirib, yonilgʻi-moylash materiallarini almashtirish oraligʻini oshirish imkonini beradi. Xuddi shuningdek, GTL kerosini aviakompaniyalarga atmosferaga chiqariladigan zararlarni kamaytirishning xavfsiz va daromadli usulini taklif etadi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan ortiqcha bugʻ hisobiga avtonom tarzda elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yaʼni, “Uzbekistan GTL” zavodini elektr energiyasi bilan taʼminlash masalasi ham innovatsion tarzda hal qilindi.

Shunday qilib, korxona nafaqat oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan elektr energiyasini mustaqil ravishda ishlab chiqaradi, balki zarur hollarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining qoʻshimcha hajmini milliy elektr tarmoqlariga ham yetkazib beradi.

Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalar asosida qayta ishlangan gazdan zamonaviy yuqori sifatli UzGTL mahsulotlari ishlab chiqariladi.. Shu bilan birga, UzGTL zavodida ishlab chiqarilgan nafta polimer mahsulotlarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”ning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish obyektlariga qayta ishlash uchun yuboriladi va shu orqali yagona neft-gaz-kimyo klasteri yaratiladi.

Qayd etish lozimki, UzGTL sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish loyihasi yaratilishida Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsøe (Daniya), Chevron (AQSH) va Honeywell kabi yetakchi kompaniyalarning ilgʻor texnologik yechimlaridan foydalanildi.

Yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan UzGTL mahsulotlari birinchi navbatda respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilgʻisi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga boʻlgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib beriladi. Qolaversa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli boʻlgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud boʻladi.

Shuni alohida taʼkildash kerakki, UzGTL zavodi Oʻzbekistonda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlarning namunasi va mamlakatimiz neft-kimyo sanoatining rivojlanish surʼatlarining bir koʻrsatkichi hisoblanadi.