Zavod ishga tushishi bilan, bir qancha mahsulotlar qatorida “GTL” sintetik kerosin (ASTM D7566 1-ilovasiga muvofiq) mahsuloti ham ishlab chiqarila boshlanadi. Hozirgi kunda ushbu yoqilgʻi neft xomashyosi negizida olingan “Djet A-1” aviakerosini bilan 50 foizgacha boʻlgan proporsiyada qoʻllanishiga ruxsat berilgan.
Yangi barpo etilayotgan zavodning ichki va tashqi bozorni uzluksiz aviayoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida xalqaro standartlash va muvofiqlashtirish tashkilotlarida sintetik kerosinni boshqa yoqilgʻi mahsulotlari bilan aralashmagan holda aviayoqilgʻi (Djet A-1) sifatida tan olinishi uchun amaliy ishlar va muzokaralar olib borilmoqda.
Hozirgi kunga kelib ushbu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida AQSHning Texas qishloq xoʻjaligi sanoati va mashinasozlik universiteti – “Texas A&M University” va Germaniyaning Aerokosmik, energetika va transport tadqiqotlari milliy markazi (DLR) bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilgan va kerakli chora tadbirlar amalga oshirilyapti.
Bundan tashqari “Boeing”, “Airbus”, “GE aviation”, “Rolls-Royce Pratt & Whitney” kabi samolyot, uning turbina va ehtiyot qisimlarini ishlab chiqaruvchi yirik konsernlar bilan ilmiy-amaliy ishlar olib borish maqsadida yaqindan hamkorlik oʻrnatilyapti.
Shu bilan bir qatorda “Uzbekneftegaz GTL” zavodi AQSHning “ASTM International” xalqaro tashkilotining Neft mahsulotlari, suyuq yoqilgʻi va moylash materiallari boʻyicha “D02” texnik qoʻmitasiga tashkiliy tuzilma sifatida aʼzo boʻldi.
“ASTM International” kompaniyasi materiallar, mahsulotlar, tizimlar va xizmatlar uchun ixtiyoriy standartlarini ishlab chiquvchi va nashr etuvchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Ushbu tashkilot 1898-yilda Xalqaro sinov materiallari assotsiatsiyasining AQSH boʻlimi sifatida tashkil etilgan va dastlab temir yoʻl materiallari uchun sifat nazorati standartlari bilan shugʻullangan. “ASTM” 12 000 ga yaqin xalqaro miqyosda tan olingan standartlarni oʻz ichiga oladi. “ASTM” standartlari 80 jilddan iborat.
5 000 dan ortiq “ASTM” standartlari AQSHdan tashqari boshqa davlatlarda milliy standart sifatida qabul qilingan va 60dan ortiq mamlakatlar oʻzlarining meʼyoriy — huquqiy bazalari uchun ushbu standartlaridan foydalanadilar.
Ushbu kompaniya bilan hamkorlik “Uzbekneftegaz GTL” ga xalqaro standartlarni ishlab chiqishda, yangilanishida va tasdiqlanish jarayonlarida ishtirok etishga imkon beradi. Natijada nafaqat “Uzbekneftegaz GTL” zavodiga balki respublikaning umumiy neft va gaz sanoati xalqaro darajada tan olinishiga erishiladi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, “Uzbekneftegaz GTL” Oʻzbekistondagi birinchi va yagona “ASTM International”ning standartlarni koʻrib chiqishda kompaniya nomidan ovoz berish huquqi bilan tashkiliy aʼzolikni qoʻlga kiritgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻldi.
Ushbu aʼzolik “Uzbekneftegaz GTL” zavodida ishlab chiqariladigan sintetik kerosin mahsulotini xalqaro darajada aviayoqilgi sifatida tan olinishida kerakli takliflar kiritishga va amaliy ishlar olib borishga imkon yaratdi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.