Soatiga 500 kub metr oqova suvlarni tozalash quvvatga ega inshoot barpo etiladi

    Energetika 13 Aprel 2021 2038

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Atrof-muhitga yuqori va oʻrta xavfli toifaga mansub 240 ta yirik sanoat korxonalarida zamonaviy lokal tozalash inshootlarini oʻrnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish boʻyicha dasturi”ga asosan “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi 10 ta korxona, yaʼni 4 tasi yangi qurilish va 6 tasi qayta qurilish tadbirlariga kiritilgan.

    Bu borada “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirigʻi bilan ishlarni yana-da jadallashtirish rejalashtirilgan boʻlib oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, qayta qurish va yangi zamonaviy inshootlarni barpo etish yoʻli bilan suvni tejashga erishish maqsadi qoʻyilgan.

    Xususan, “Oʻzbekiston GTL” MCHJ zavodida eng zamonaviy soatiga 500 kub metr quvvatga ega oqova suvlarni tozalash inshootini qurish ishlari olib borilmoqda. Hosil boʻladigan mineralizatsiyalashgan, yogʻli, ifloslangan yuza suvlari va maishiy oqova suvlarni tozalash uch bosqichda olib boriladi.

    Birinchi bosqichda hosil boʻlgan mineralizatsiyalashgan oqova suvlari bugʻlantiruvchi (isparitel) kristalizator qurilmasida tuzsizlantirilib, yuqori konsentratsiyali kub qoldiqlari suvsizlantiriladi.

    Ikkinchi va uchinchi bosqichda aynan tozalash inshootida ketma-ketlik bilan amalga oshiriladi. Bu yerda tozalash ishlari hozirgi kundagi zamonaviy qurilmalar orqali mexanik, fizik-kimyoviy, biologik usullar orqali amalga oshiriladi va oxirida tozalash samarasi eng yuqori boʻlgan membranali bioreaktor qurilmasida amalga oshiriladi. Tozalangan oqova suvlari toʻliq qayta texnologiyaga ishlatish uchun yuboriladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.