26-yanvar kuni Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard) va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumida ham aynan shu maqsadlar ustuvor ekanligi yaqqol koʻzga tashlandi. Memorandumdan asosiy maqsad – Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat va moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Mazkur kelishuvda Yagona umumrespublika protsessing markazi bosh direktori Farrux Ziyayev va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev hamda har ikkala tomon vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tomonlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilayotgan elektron davlat xizmatlari ulushini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarga elektron davlat hamda raqamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etishni nazarda tutuvchi keng qamrovli qulayliklar yaratish, ular uchun elektron toʻlovlar imkoniyatlarini kengaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga onlayn xizmatlar koʻrsatish uchun kerakli maʼlumotlar almashinuvini tashkil etish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasining boshqa istiqbolli yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.

Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali toʻlovlarni amalga oshirishni soddalashtirish, qoʻshimcha toʻlov xizmatlarini joriy etish, elektron davlat xizmatlari hamda moliyaviy xizmatlarni koʻrsatishda tizimlar oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvini takomillashtirish yuzasidan texnologik yechimlar topish hamda elektron tijoratni rivojlantirish yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Aminmizki, ushbu yaqin hamkorlik davomli kechib, yurtimiz aholisi va tadbirkorlari uchun yana-da yangi imkoniyatlar eshigini ochib, qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.