Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi.
Unda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov, “Oʻzbekiston” telekanali direktor oʻrinbosari Anvar Abduvaliyev, “Dunyo oʻzbeklari” internet nashri bosh muharriri Ismat Hushev, “Sharq” nashriyoti bosh muharriri Ahror Ahmedov, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalilov, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan Ermatov, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov, jurnalist Mehribon Qurboniyozova va boshqalar soʻzga chiqdi.
Mazkur kitobda inson qalbi hamisha ham bir zaylda boʻlmasligi, qarama-qarshiliklar, hayot iztiroblari, poklikka undovchi tuygʻular xususida fikr yuritiladi. Ayniqsa, ijod namunalarida hokisor ona bilan bogʻliq voqealar oʻquvchida taassurotlar qoldiradi.
– Bilasizmi, kitobni oʻqib juda quvondim, oʻyga toldim,- dedi Abdurasul Jumaqulov. – Rostini aytsam, shuncha yildan buyon yonma-yon yurgan bu insonni haliyam yaxshi bilmas ekanman. Kitobdan oʻrin olgan hikoyalarni oʻqib, akaning qalbi, yuragi, chehrasi, butun siymosi namoyon boʻldi. Ayniqsa, “Onam suygan tosh”, “Onamning oʻrtoqlari”, “Onam xayolidagi ixtiro” kabi hikoyalar shular hayotiyligi bilan qiziqdir.
Taqdimotda soʻzga chiqqan hamkasblari, doʻstu qadrdonlari Qurbon Eshmatov bilan birga oʻtgan damlarini, qiziq voqealarni, insoniylik fazilatlarini yodga olishdi. Har bir davrada uning oʻrni borligi, uzilgan suhbatlar, hazil-mutoyibalari sogʻinchi dillarni oʻrtashi aytildi. Shuningdek, “Qadrdon qayragʻoch” kitobining mazmun-mohiyati haqida ham iliq fikrlar bildirildi. “Sharq” nashriyoti tomonidan Qurbon Eshmatovning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid xotira kitobi chop etilishi rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.
Zulayho Ahmadjonova