Taqdimotda shoir va yozuvchilar, jurnalistlar hamda shoir sheʼrlari va “shom.uz” telegram kanali ixlosmandlari ishtirok etdi.

– Shuhratjonning kitobini oʻqib chiqdim-u fikrlarimni telefon orqali oʻziga bildirdim. U – yaxshi shoir, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Abdumajid Azim. – Shoir “Men dunyoga yashash uchunmas, keldim bermoq uchun tasalli” deb yozadi bir she'rida. Sheʼrda maqsadning goʻzal ifodasi bor. Uni Abdulla Oripov, Yoʻldosh Sulaymon, Muhammad Yusuf kabi katta ustozlar kashf etdi, qoʻllab quvvatladi. Hali universitetga kirmagan paytidan katta davralarda boʻy berdi. Keyin birmuncha muddat koʻrinmadi. U bu muddat ichida ham oʻz soʻzini yoʻqotmadi, ijtimoiy-siyosiy faoliyatini olib bordi. Bugun sheʼrlarini oʻqib adabiyot olamiga ajoyib tuhfa bilan qaytgan shoir ukamizdan xursand boʻlib oʻtiribmiz.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari, shoir Nodir Jonuzoq, taniqli notiq Rahimboy Jumaniyoz, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Guljamol Asqarova hamda Faxriddin Hayitlar Shuhrat Orif sheʼrlarining oʻziga xosligi haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.

Tadbir davomida taniqli xonanda Baxtiyor Rahmon shoir sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlari bilan davraga fayz kiritdi. Shuningdek, davraning asosiy qahramoni – Shuhrat Orifdan sheʼrlar, shoirning yillar davomidagi xulosalari tinglandi. Taqdimot soʻnggida tadbirga tashrif buyurgan kitobxonlarga kitoblar ulashildi.