Bugungi kunda har bir sohada zamonaviy texnologiyalar dunyoni jadal ravishda o'zgartirib kelmoqda, buning oqibatida kompaniyalar va tashkilotlar o'z faoliyatlarida ilg'or texnologiyalarni qo'llashlariga to'g'ri kelmoqda. “O'zbekiston pochtasi” AJ kompaniyasi ham yangilanish jarayoniga ya'ni rebrendingning birinchi bosqichiga start berdi. Kompaniya “Uzpost” — yangi nom, yangi logotip va yangi ranglar palitrasi bilan mijozlarga xizmat ko'rsatishning yangi imkoniyatlarini yaratmoqda.

Yangi ranglar “olov rang” va “to'q ko'k” — iliqlik, quvonch, energiya, mehribonlik, ishonchlilik va professionalizm ramzini ifodalaydi.

Yangi logotipda aks ettirilgan humo qushi esa, doimiy harakat, logistika va “Uzpostning dinamik rivojlanishini bildiradi. Logotip qanotida pochta yo'llarining ramzi bo'lgan uchta chiziqni ko'rish mumkin, bosh tomondagi “tasdiq” belgisi esa muvaffaqiyatli etkazib berilgan pochta va bajarilgan vazifalarni anglatadi.

2021-yilning oxiriga qadar to'liq ishga tushiriladigan ushbu yangi tizim muhim o'zgarishlardan biridir. Bu tizim jarayonlarni optimizatsiya qilishga, pochta jo'natmalarini rasmiylashtirish bosqichlarini qisqartirishga yordam beradi. endilikda “O'zbekiston pochtasi” mijozlari o'z uylaridan chiqmasdan turib o'z jo'natmalarini veb sayt, mobil ilova yoki telegram bot orqali rasmiylashtirishlari mumkin. IT kod olgan mijoz o'ziga yaqin pochta bo'limiga keladi va uni ko'rsatgan holda, operator mijoz tomonidan oldinroq kiritilgan ma'lumotlar bilan tizim orqali tanishib, jo'natmani rasmiylashtiradi.

Shuningdek, oldinlari “O'zbekiston pochtasi” mijozlari o'z jo'natmalari qaerda ekanligi haqida ma'lumotga ega bo'lishmagan bo'lsa, endilikda yangi tizim orqali ular onlayn tarzda o'zlarining jo'natmalarini kuzatib borishlari mumkin. Ushbu o'zgarish nafaqat pochta mijozlariga, balki kompaniyaning o'ziga ham yordam beradi. Chunki, pochta jo'natmalarning qaysi bosqichlarida eng uzoq uzilishlar yoki kutishlar kuzatilishi haqida ishonchli ma'lumotlarga ega bo'ladi. Ushbu ma'lumotlar asosida kompaniya joylardagi muammolarni aniq hal qilishga muvaffaq bo'ladi.

Ta'kidlash lozim, “O'zbekiston pochtasi” AJ avtoparki va infratuzilmasi ham yangilanib, kompaniya tomonidan  27 ta Damas, 75 ta kichik  Gaddi, 4 ta katta ISUZU va ikkita yuk ortuvchi Gazel  avtotransportlari hamda 417 ta elektroskuter va 200 ta velosiped xarid qilindi. Shuningdek, 15 foiz pochta bo'linmalari qayta ta'mirlandi va qolgan barcha bo'linmalar ham bosqichma-bosqich ravishda ta'mirlanmoqda. Pochta bo'linmalariga yangi komp`yuter, to'lovni qabul qilishning mobil qurilmalari taqdim etildi. Yangi formatdagi va yangi dizayndagi pilot bo'linmalar ochildi, kelgusida ularning andozasi bo'yicha mamlakat bo'ylab barcha pochta bo'linmalari yangilanadi. Shuningdek, kompaniya avtomatlashtirilgan majmualar — pochtomatlarni ham joriy qildi. Ular orqali mijozlar o'z jo'natmalarini o'zlari olishlari mumkin bo'ladi. Bugunga kelib respublika bo'ylab 30 ta pochtomat o'rnatilgan.

O'zbekiston bo'ylab 900 dan ortiq pochta bo'linmalarida ko'rsatiladigan davlat xizmatlari soni 34 taga etkazildi. Keyingi yil boshida “O'zbekiston pochtasi” AJ tomonidan Toshkent, Buxoro, Xorazm va Asaka shaharlarida 4 ta fulfilment markazlari ishga tushiriladi. 2025-yilgacha mamlakat bo'ylab avtomatlashtirilgan fulfilment markazlari soni 30 tagacha etkazilishi rejalashtirilgan.

Rebrending doirasida kompaniya shuningdek o'zining savdo platformasini ham ishga tushirdi. “Unisavdo” deb nom olgan ushbu platforma Android va iOS tizimlari uchun mobil ilovalari 2021-yilning may oyida taqdim etilgan bo'lib, 300 dan ortiq tadbirkorlar “Unisavdo”da o'z mahsulotlarini joylashtirish uchun shartnoma imzolashdi. Bugungi kunga kelib platformada 14 000 dan ortiq mahsulot joylashtirilgan va ular respublika bo'ylab etkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, “O'zbekiston pochtasi” AJ to'lovlarni qabul qilishning pul o'tkazmalarini amalga oshirishning yangi tizimi — “Avval”ni ishga tushirdi. “Avval” tizimi pochta tomonidan ko'rsatiladigan barcha turdagi xizmatlar uchun to'lovni amalga oshiradigan yagona markazlashgan dastur bo'lib, ushbu tizim yordamida mijozlar 100 dan ortiq xizmatlar uchun to'lovni amalga oshirishlari mumkin bo'ladi.