UZTELECOM “Space Technology Conference-2022” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 11 May 2022 1778

    Poytaxtimizda ilk bor oʻtkazilayotgan “Space Technology Conference-2022” xalqaro konferensiyasida “Oʻzbektelekom” AK ham ishtirok etyapti.

    Markaziy Yevroosiyo davlatlarining kosmik agentliklari va tegishli tashkilotlari ishtirok etayotgan konferensiyada bir qator loyihalar, istiqbolli gʻoyalar, jumladan, sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimlarining rivojlanishiga oid dolzarb mavzular muhokama etilyapti.

    Bugun mazkur konferensiyada “Oʻzbektelekom” AK bosh direktorining istiqbolli rivojlantirish va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Akmal Arifdjanov maʼruza qildi.

    Unda “Oʻzbektelekom” Kompaniyasi xalqaro aloqa tashkilotlari bilan hamkorlik qilgan holda telekommunikatsiya loyihalarida faol ishtirokini, xorijiy operatorlar va telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqaruvchilari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari hamda Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (XEI), Aloqa sohasida mintaqaviy hamdoʻstlik (ASMH) va “Intelsat” sunʼiy yoʻldosh aloqa tashkiloti bilan faol hamkorlik olib borilayotgani taʼkidlandi.

    Taʼkidlash joizki, kompaniyaning mahalliy telekommunikatsiya tarmogʻi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan boʻlib, doimiy ravishda yangilanib boryapti.

    2022-yilga kelib, kompaniya dunyoning 107 ta davlatidagi 174 ta xalqaro operator bilan hamkorlik rouming aloqalarini oʻrnatdi. Shu bilan birga, UZTELECOM mobil aloqa abonentlari uchun dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida rouming xizmatlari taqdim etiladi.

    “Oʻzbektelekom” AK simli telefon aloqasi sohasida 30 ga yaqin xalqaro operatorlar bilan hamkorlikda ikkita xalqaro kommutatsiya uzellari orqali xalqaro telefon aloqasini amalga oshiryapti.

    Shuningdek, kompaniya bosh direktori oʻrinbosarining nutqida “Oʻzbektelekom” AK ishtirokida tashkil etilgan “Uz-Sat” kompaniyasining yangi imkoniyatlari taʼkidlandi.

    Kompaniyaning asosiy faoliyati oʻzining VSAT tarmogʻini yaratish, respublika hududida mobil yoʻldosh aloqa xizmatlarini koʻrsatishni shakllantirish va rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mobil sunʼiy yoʻldosh telefoniyasini taʼminlashga qaratilgan.

    Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish asosida butun Oʻzbekiston boʻylab, shu jumladan borish qiyin boʻlgan hududlarda, shuningdek, neft-gaz sanoati (ishlab chiqarish, monitoring, hisobga olish) sohasida tadqiqot olib boriladigan yoʻnalishlarda sunʼiy yoʻldoshli Internet va telefoniya xizmatlari koʻrsatiladi.

    Loyiha doirasida chet el operatorlari – Thuraya, Inmarsat, Globalstar, Iridium, Orbcom, Viasat, OneWeb, StarLink va boshqa sunʼiy yoʻldosh operatorlari bilan birgalikda Internetga ulanish xizmatlari, sunʼiy yoʻldosh telefoniya xizmatlari, avtotransport vositalari tezligi va yoʻnalishi parametrlarini kuzatish xizmatlari koʻrsatiladi.

    Yuqoridagi maqsadga erishish uchun “Oʻzbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmogʻi orqali xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda, xalqaro tarmoqlarga ulanish yoʻli bilan sunʼiy yoʻldosh yerusti stansiyasini (markaziy yerusti stansiyasi) qurish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzbektelekom” AK matbuot xizmati.

    Taʼkidlash joizki, “Oʻzbektelekom” AK oʻz faoliyatini davom ettirgan holda doim taqdim eta olayotgan xizmatlar turlarini rivojlantirish va kengaytirishga intiladi.