Unda Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Niyazov, Toshkent viloyati hokimi Z.Mirzayev, qator tashkilot va idoralar vakillari, xorijiy va mahalliy sayyohlar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Turizm sohasiga boʻlgan eʼtibor sabab, Toshkent viloyatida eko, ziyorat, ekstremal, tibbiyot, gastronomik turizm yoʻnalishlari bilan bir qatorda agroturizm rivojlanishiga ham keng imkoniyat yaratildi. Birgina oʻtgan besh yilda Viloyatga xorijiy turistlar qariyb 2 barobarga 350 ming nafardan 560 ming nafarga, mahalliy turistlar 5 barobarga 2 milliondan 10 million nafargacha oshirishga erishildi. Shundan 8%ni agroturizm yoʻnalishida tashrif buyurgan sayyohlar tashkil etadi.
Festival dasturidan qishloq xoʻjaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari koʻrgazmalari, uzumchilik yoʻnalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar oʻrin olgan.
Festivalning madaniy qismida esa milliy folklor jamoalari, estrada sanʼatkorlari chiqishlari, nominatsiyalar boʻyicha respublika koʻrik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar hamda xalq urf-odatlari va anʼanalarini aks ettiruvchi koʻrgazmalari tashkil etilgan.
Festivalda Oʻzbekistonda vazirlik va idoralar, uzumchilik va vino sanoatida faoliyat yuritayotgan soha vakillari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan moliyaviy va investitsiya vakolatxonalari, xorijiy davlatlarning elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari vakillari hamda Italiya, Serbiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyondalari ishtirok etyapti.
Taʼkidlash joizki 2023-yilda oʻtkazilgan “Uzum sayli” xalqaro festivaliga 100 mingdan ortiq mahalliy hamda 1000 dan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan boʻlsa, bu yilgi festivalga 150 ming nafar sayyohlar tashrif buyurishi kutilyapti, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.