Ellikqalʼa tumani “Sahtiyon” shaharcha fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Gʻulombek Seytimbetov xonadonida aholi xonadonlarida uzum yetishtirish boʻyicha bilim va koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan koʻrgazmali seminar oʻtkazildi. Koʻrgazmali seminarga tumandagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda soha vakillari ishtirok qildi.
Seminar ishtirokchilariga xonadonlarda uzum yetishtirish usullari, iqtisodiy samaradorligi va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish, uzum hosilini yigʻishtirib olish, tashish, saqlash va saralash, uzumni qayta ishlash usullari, quritish tartiblari tushuntirildi.
Shuningdek, uzum yetishtirishda uning kasalliklari va zararkunandalari, tarqalishi, hosildorlikka taʼsiri hamda ularga qarshi kurash usullari va muddatlari boʻyicha xam mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.
Tajriba almashish tadbirida tokning tashqi muhit omillariga boʻlgan talabi, uzumzorlar barpo etish uchun yer maydonlarini tanlash, yerni ekishga tayyorlash va koʻchat ekish muddatlari hamda usullari, yosh va hosilli uzumni parvarishlash agrotexnikasi, jumladan, qator orasiga ishlov berish, sugʻorish va oziqlantirish tadbirlari kabi qator mavzularda maʼruza qilindi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri