“Uzun” temir yoʻl vokzali foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 28 Dekabr 2023 2007

    Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Uzun” temir yoʻl vokzali foydalanishga topshirdi.

    Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sharofiddin Qodirov, “Termiz mintaqaviy temir yoʻl uzeli” unitar korxonasi rahbari Farxod Gʻiyosov, Uzun tumani hokimi maslahatchisi, Nuroniylar jamgʻarmasi raisi Mirbobo Toshboyev, mehnat faxriylari, temiryoʻlchi mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olgan tomonidan qayd etilganidek, ushbu muhtasham vokzal binosi Yangi yil bayrami arafasida tuman aholisi, yoʻlovchilar uchun haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi.

    Yurtimizning eng goʻzal, koʻrkam va tabiati betakror goʻshasi boʻlgan Uzun tumani dengiz sathidan 1 ming 523 metr balandlikda viloyatning maʼmuriy markazi Termiz shahridan qariyb 180 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hudud aholisi uchun temir yoʻl asosiy transport turlaridan biri hisoblanadi. “Uzun” temir yoʻl vokzalining ishga tushishi ushbu tuman va unga tutash hududlarda yashovchi aholini mamlakatimizning poytaxti va boshqa viloyatlar bilan bogʻlashga xizmat qiladi.

    Oʻtgan vaqt davomida ushbu vokzalda taʼmirlash ishlari olib borilmagani va bu yerdan foydalanayotgan yoʻlovchilar sonining yil sayin ortib borishi tufayli aholiga sifatli va ishonchli xizmat koʻrsatishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgandi. Shu bois ushbu vokzalni qayta qurish, kengaytirish va yoʻlovchilar uchun har tomonlama zamonaviy sharoitlarni yaratish ehtiyoji tugʻilgandi.

    – Avvalgi vokzal bor-yoʻgʻi 40-50 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilar, zamonaviy qulaylik mavjud emas edi, – deydi “Uzun” vokzali rahbari Botir Mirzoqulov. – Puxta loyiha asosida bunyod etilgan zamonaviy vokzalda esa yoʻlovchilar uchun barcha sharoitlar inobatga olingan. Xususan, bir vaqtning oʻzida 100-150 nafar yoʻlovchini sigʻdira oladigan va har qanday ob-havo sharoitida ham moʻtadil harorat hukm suradigan kutish zali, zamon talablarga mos dam olish xonalari, elektron maʼlumotlar tablo, chiptaxona, ona va bola hamda tibbiy punkti xonalari yaratilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan joriy yil 11-dekabrdan har kuni “Toshkent – Sariosiyo – Toshkent” yoʻlovchi poyezdi harakati yoʻlga qoʻyilgani tumanimiz aholisi va bu yerga kelib-ketuvchilar uchun katta qulaylik yaratdi.

    “Toshtemiryoʻlloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan loyiha boʻyicha qurilgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati mablagʻi evaziga qurilgan ushbu ikki qavatli vokzal binosi oʻzida milliy va zamonaviy uygʻunlikni kasb etib, sifatli qurilish mahsulotlari bilan mustahkam barpo etildi. Elektr markazlashtirish posti bilan qoʻshilgan temir yoʻl vokzali, qozonxona, transformator stansiyasi, yoʻlovchilar uchun platforma, omborxona, avtoturargoh qurildi. Shuningdek, temir yoʻl chiptaxonasi, nazorat oʻtkazish punkti barpo etildi. Vokzal atrofiga, tashqi va ichki qismiga milliy anʼanalarimiz asosida bezak berilib, kutish zali, dam olish va yuvinish xonalari zamonaviy jihozlandi. Eng muhimi, mahobatli yangi inshoot tuman koʻrkiga koʻrk bagʻishladi.

    Ilhom Rahmatov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.