Sirdaryo viloyatida chiqindilarni qayta ishlar klasteri tashkil etiladi

    Investitsiyalar 25 Iyun 2020 2576

    Italiyaning “Innovando” kompaniyasi qattiq maishiy chiqindilarni yoʻq qilish boʻyicha klaster yaratish loyihasida ishtirok etishdan manfaatdor.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning “2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi qarori kuchga kirishi bilan jalb qilgan vazirlik va idoralarning vakillari hamda sanoat ekspertlari tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish boʻyicha eng maqbul yechimlarni topish ustida faol ish olib borilmoqda.

    Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi ham maishiy chiqindilarni boshqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha texnologiyalar va bilimlar transferi jarayoniga qoʻshildi, shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan kompaniyalarni jalb qilishga bel bogʻladi.

    Elchixona koʻmagida 2019-yil soʻnggidan buyon, Oʻzbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish boʻyicha investitsiya loyihasida ishtirok etish maqsadida strategik ekologik innovatsiyalarni ishlab chiqish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishga ixtisoslashgan Italiyaning “Innovando” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazilmoqda.

    Mazkur muloqot davomi sifatida iyun oyining oʻrtalarida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mutaxassislari hamda “Toza Hudud” DUK, “Innovando” kompaniyasi va “Energy X Group” MCHJ QK rahbariyati ishtirokida videokonferensiya tashkil etildi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad – “Sirdaryo viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va qayta ishlash korxonasini tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi. Loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash boʻyicha klasterni yaratish rejalashtirmoqda. Chuqur qayta ishlash texnologiyalari tufayli chiqindilarning 60 foizini qayta ishlash va sement tayyorlash uchun biogaz, plastik mahsuloti hamda xom ashyo granulalari olish uchun ikkinchi marotaba ishlatish rejalashtirilmoqda. Koʻp bosqichli loyihani amalga oshirish 5 yilga moʻljallangan va uning umumiy qiymati 40 million yevroni tashkil etadi.

    Muzokaralar davomida Italiya tomoni birinchi bosqichda italiyalik kompaniyalar tomonidan keyingi sarmoyalarni jalb qilish va ekspluatatsiya xarajatlarini qoplashga zamin yaratadigan tarif tizimini joriy etish masalasini muhokama qilish zarurligini taʼkidladi. Keyingi bosqich – bu chiqindilarni qayta ishlash chogʻida ikkilamchi resurslarni olish, uni amalga oshirish va sotishdan iboratdir. Olingan mahsulotlar keyinchalik xorijiy davlatlarga, shu jumladan, Italiyaga ham eksport qilinishi mumkin.

    Rejalashtirilgan loyihaning aniq tashabbuskori aniqlandi. Bu klasterning loyihaviy gʻoyasini va uni amalga oshirish konsepsiyasini bajaruvchi “Energy X Group” MCHJ qoʻshma korxonasidir.

    Tomonlar chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish uchun umumiy maydoni 30 gektarga teng boʻlgan yer maydonini ajratish masalasini muhokama qildilar. Ayni paytda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda koʻp funksional klasterni yaratish uchun barcha zarur talablarga javob beradigan yer uchastkasini izlash boʻyicha ish olib borilmoqda.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha oʻrta muddatli istiqbolga harakatlar dasturi, jumladan, ish rejasini ishlab chiqish, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish hamda joriy yilning iyul oyida Italiya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi masalasini ishlab chiqish rejalashtirildi, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.