Alloh taolo insoniyatni irodali va qat'iyatli qilib yaratgan. Odamzot har qanday vaziyatga ko'nikishi, har turli balo-ofat, o'lat va musibatni osonlikcha engib o'tishi mumkin. Illo, buning ham o'ziga yarasha shartlari bor. Avvalo, bu borada Alloh taoloning kalomiga, suyukli Payg'ambarimizning sunnatlariga, ulug'larning hayotiy tajribalariga ergashiladi. eng muhimi, joriy etilgan qat'iy qoidalarga rioya qilinilishi shart.

Ma'lumki, oradan besh oydan ziyodroq vaqt o'tgan bo'lsada, hanuz butun dunyo koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash olib boryapti. Bu borada mamlakatimizda ham barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

YUrtimizda va jahonda qat'iy choralar qo'llanishi tufayli bu balo bir oz chekingan bo'lsa-da, biroq karantin talablari yumshatilishi bilan bu ofat yana darov bo'y ko'rsata boshlayapti.

Achinarlisi, so'nggi kunlarda yurtdoshlarimiz karantin qoidalariga rioya qilishda e'tiborsizlikka yo'l qo'yishayotgani oqibatida aholi orasidan ham kasallanganlar aniqlanayotir.

Butun dunyo xalqlari koronavirusga qarshi vaktsina ishlab chiqish uchun bor kuch-g'ayratini, mablag'ini safarbar qilayotgan, tibbiyot xodimlari haftalab, oylab laboratoriyalardan chiqmay, izlanishlar olib borayotgan bir paytda O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tayyorlanib chop etilgan mazkur asarni  koronavirusga qarshi “ma'naviy vaktsina” ishlab chiqildi desak adashmagan bo'lamiz.

“Vabo – insonlar uchun bir sinov” kitobidan “Koronavirus qanday kasallik?”, “Pandemiya nima?”, “U ro'y  bersa, qanday yo'l tutish kerak?”, “Tariximizdagi dahshatli o'lat qanday daf etilgan?” kabi savollarga ham diniy, ham tibbiy, ham zamonaviy jihatdan aniq javoblar olish mumkin.

SHuningdek, ushbu asardan  O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashinin koronavirus (COVID-19) infektsiya tarqalishining oldini olish bo'yicha Fatvosi ham o'rin olgan. Buni bugungi sharoitda har bir yurtdoshimiz o'qib bilib olishi foydadan xoli bo'lmaydi.

Karantin paytda turli diniy  marosimlar qanday yo'tkaziladi? Mabodo, koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan bemor vafot etsa, u qanday dafn etiladi?

Albatta, bunday savollar boshiga shunday ish tushgan kishilarni o'ylantirishi tabiiy. YAngi nashrdan shu va boshqa muhim savollarga javob topish mumkin.

Kitob O'zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli yangi ochilgan “SHamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi” MCHJda chop etilgan.

Ushbu asar keng kitobxonlar audatoriyasiga mo'ljallangani, iboralar xalqchil, sodda va tushunarli shaklda bayon etilgani bilan ahamiyatlidir.

L.Suvonov