Matbuot anjumanida asosiy eʼtibor Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishning ochiq va shaffof mexanizmlarini joriy etish masalalariga qaratildi.

Davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlovlar Prezident farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yil 1-yanvardan boshlab yoʻlga qoʻyilgan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning oldiga yagona kadrlar siyosatini yuritish borasida bir qator vazifalar belgilab berildi.

Farmonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab — davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Shu maqsadda Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali ishlab chiqildi.

vacancy.argos.uz elektron platformasiga vakant lavozimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda kelib tushadi

Ushbu platformaga davlat organlaridagi vakant lavozimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan kelib tushadi hamda tanlov eʼlon qilingan vakant oʻrin uchun nomzodlar tomonidan hujjatlar elektron tarzda qabul qilinadi.

Vakant lavozim uchun ochiq mustaqil tanlov quyidagi tartibda ishlaydi:

— hujjatlarni elektron tarzda qabul qilish (10 kun davomida);

— nomzodning vakant lavozim malaka talablariga mosligini oʻrganish;

— test sinovidan oʻtkazish;

— suhbat jarayoni (assesment shaklida).

Tanlovning har bir bosqichi natijasi onlayn tarzda asoslantirilgan javob bilan har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Ilhom Qurbonov: 112 mingdan ortiq nomzod ochiq tanlovlarda ishtirok etdi, bu davlat xizmatiga salohiyatli kadrlarni ishga qabul qilishda qoʻl kelmoqda

Bugungi kunga qadar respublikaning 60 ta vazirlik va idoralari hamda 206 ta tuman (shahar) hokimliklaridagi mavjud 7 094 ta vakant lavozim uchun tanlov eʼlon qilinib, 112 mingdan ortiq nomzodlar ishtirok etgan.

Eng koʻp vakant lavozimlar uchun tanlovlar Davlat soliq qoʻmitasi (1 211 ta), Moliya vazirligi (1 053 ta), Xalq taʼlimi vazirligi (962 ta), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (703 ta) tizimida tashkil etildi.

Vazirlik va idoralarning markaziy apparatida 671 ta tanlov oʻtkazilgan boʻlsa, hududlar kesimida Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 245 ta, Andijon viloyatida — 510 ta, Buxoro viloyatida — 523 ta, Jizzax viloyatida — 442 ta, Qashqadaryo viloyatida — 366 ta, Navoiy viloyatida — 670 ta, Namangan viloyatida — 467 ta, Samarqand viloyatida — 657 ta, Sirdaryo viloyatida — 572 ta, Surxondaryo viloyatida — 356 ta, Toshkent viloyatida — 481 ta, Fargʻona viloyatida — 405 ta, Xorazm viloyatida — 283 ta, Toshkent shahrida — 446 ta vakansiyaga ochiq tanlov tashkil etilgan.

Bugungi kunga qadar ishga qabul qilinganlardan 734 nafari (38%) — 30 yoshgacha boʻlgan kadrlar, 298 nafari (15%) davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinganlarni tashkil etadi.