Qoʻlida mablagʻi yoʻq inson uchun kredit bir imkoniyatdir. Bugun banklar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar berilishida bank, tadbirkor va taʼminotchi oʻrtasida shartnomalar tuzilayotir. Bunday shartnomalar sharti koʻp hollarda taʼminotchilar tomonidan buzilayotganiniga guvoh boʻlmoqdamiz.

Samarqand viloyati Ishtixon tumani “Kattaqangli” MFYda yashovchi Gulhayo Saydullayeva shu yil 12-yanvar kuni Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi ishonch telefoniga murojaat qilgan. Aytishicha, fuqaro “Agrobank”ning tegishli filialidan tikuvchilik faoliyatini boshlash uchun 27 million 300 ming soʻm imtiyozli kredit olgan. Uch tomonlama shartnomaga muvofiq, Gulhayo Saydullayevaga taʼminotchi Komil Tuygʻunov tomonidan 27 million 300 000 soʻmlik tikuv mashinasi va xomashyo yetkazib berilishi kerak boʻlgan. Mablagʻ bank tomonidan taʼminotchiga oʻz vaqtida oʻtkazilgan boʻlsa ham kelishuvga binoan Komil Tuygʻunov tadbirkorga vaqtida tikuv mashinasi va xomashyoni yetkazib bermagan.

Ushbu murojaat Samarqand viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganildi. Taʼminotchi Komil Tuygʻunovga shartnomani bajarish tamoyillari tushuntirildi. Isteʼmolchining huquqlari qonuniy jihatdan himoyalanib, murojaati ijobiy hal etildi. G.Saydullayevaga 27 million 300 000 soʻmlik tikuv mashinasi va xomashyo yetkazib berildi.

Gulnoza SHARAFOVA,
jurnalist