— Taʼkidlash joyizki, COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi) doirasida yurtimizga keltirilishi rejalashtirilayotgan Pfizer/BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan Comirnaty vaksinasi dastlabki bosqichda 100 ming doza olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu esa xavf guruhiga mansub 50 ming nafar aholini ikki marotaba emlashga yetadi.

Ayni paytda milliy emlash kalendariga muvofiq, yurtimizda 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz tibbiyot tizimining barcha boʻgʻinlarida 2-8 ℃ haroratga moʻljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi toʻliq yaratilgan. Ushbu tizim Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining barcha talablariga javob beradi.

Avval ham taʼkidlaganimizdek, hozirda Rossiyadan 100 doza “Sputnik V” vaksinasi yurtimizga olib kelingan va -20 ℃ haroratda saqlab turilibdi. Bir vaqtning oʻzida “Sputnik V” vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash va Oʻzbekistonda vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha ham muzokaralar olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, yurtimizga Xitoyning "Ayhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi koronavirus rekombinant vaksinalari keltirilgan boʻlib, ularning sinov jarayonlarida 8 nafar xitoylik mutaxassis ham ishtirok etmoqda va amalga oshirilayotgan barcha tadbirlar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qoshida tashkil etilgan immunizatsiya shtabi tomonidan kuzatib borilmoqda.

2021-yilning 21-yanvar holatiga koronavirus kasalligiga qarshi vaksinani sinov jarayonida ishtirok etish istagini bildirib, 8153 nafar koʻngillilar murojaat etishdi.

Shu oʻrinda koronavirus kasalligiga qarshi emlanishning nechogʻliq ahamiyatli ekanligiga yana bir bor toʻxtalib oʻtmoqchiman. Hozir biz yurtimiz aholisining qancha qismi ushbu kasallik bilan kasallanib ulgurganini aniq bilmaymiz.

Qachonki u yoki bu davlatda aholining 70 foizdan ortiqrogʻida turgʻun immunitet boʻlmas ekan (kasallanish yoki emlashdan keyin), epidemik jihatdan barqarorlikni taʼminlash qiyin boʻladi. Faqat, virus yuqtirganligi yoki yuqtirmaganligidan qatʼiy nazar koronavirusga qarshi emlanish mazkur virus bilan kasallanishni saqlaydigan asosiy omil boʻlib qolaveradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.