Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori, professor Habibulla OQILOV shu xususda soʻz yuritadi:
Kuni kecha 2021-yil I yarim yilligida iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda har bir tarmoq va hududda uchinchi chorak va yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda davlatimiz rahbari pandemiyani yengib oʻtish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtaldi.
Vaksinatsiya, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning oʻzboshimchalik bilan, dori-darmonni pala-partish isteʼmol qilishining oldini olish zarurligi alohida qayd etildi. Ikki yildirki dunyo ahli koronavirus bilan ayovsiz kurashyapti. Afsuski, undan toʻliq tuzatadigan dori hali ishlab chiqilgani yoʻq. Hozircha yagona imkoniyat vaksina boʻlib turibdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va yangi toʻlqinlarning oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalar berilgan.
Mamlakatimizda aholi salomatligiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor mahsuli oʻlaroq, koronavirusga qarshi emlash ishlari yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Yurtimizda 2021-yil aprel oyidan shu paytgacha qoʻllanayotgan Astra Zeneca, ZF UZ VAC 2001, Sputnik V vaksinalari qatoriga yaqinda yana bir vaksina — Moderna ham qoʻshildi. Taʼkidlash kerakki, toʻrttala vaksinaning taʼsiri bir xil, samaradorligi 90 foizdan ziyod. Shu paytgacha qoʻllangan emlashlarda vaksinalarning nojoʻya taʼsiri — ogʻir ahvolga tushish, oʻlim holati kuzatilmadi.
Toʻgʻri, ayrim yurtdoshlarimizda turli belgilar namoyon boʻlayotir. Chunki bu oddiy suv emas, vaksina. U organizmga kirishi bilan immun tizimi va hujayralarga taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, baʼzan vaqtinchalik holatlar — tana haroratining 38 darajagacha oshishi, boʻgʻim yoki mushaklar ogʻrigʻi, koʻngil aynishi, bosh ogʻrigʻi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Ular inson organizmining individual holatiga qarab kuzatiladi va 3-4 kunda oʻtib ketadi.
Dunyo tajribasida emlashni vaqtida va kerakli hajmda qilgan davlatlarda koronavirus muammosi deyarli bartaraf etilmoqda. Masalan, Isroilda aholining 90 foizi emlandi. Bu pandemiyani jilovlashga yordam berdi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoyning ayrim viloyatlarida ham emlash ishlari yaxshi olib borilgani tufayli koronavirus chekinayotgani vaksinalarning samaradorligiga yana bir dalildir.
Ayni paytda yurtimizning barcha tuman va shaharlaridagi poliklinikalarda, joylarda tashkil etilgan emlash punktlarida 18 yoshdan yuqori boʻlgan aholining barcha qatlam emlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 4-avgust holatiga koʻra, mamlakatimizda toʻliq emlangan fuqarolar 1 million 279 ming 69 nafarni tashkil qilmoqda. Taʼkidlash joizki, barchasi bepul amalga oshirilmoqda. Ayrim mamlakatlarda vaksina u yoqda tursin, dori-darmon tanqisligi kuzatilayotgan bir paytda davlatimiz bunga mablagʻ ajratib, vaksinani xalqimizga yetkazib bermoqda. Yaqin kunlardan boshlab Sputnik V vaksinasi mamlakatimizda ishlab chiqariladi.
Boshqa vaksinalar ham yetarli darajada keltirilgan va yana olib kelinadi. Vaksinalarni olib kelish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Har bitta vaksinani yetkazib berish sharti bor. Masalan, “sovuqlik zanjiri” degan tushuncha mavjud. Qaysidir vaksina 70 daraja sovuqda keltirilishi kerak, boshqasi kamida 20 daraja sovuqda saqlanishi lozim. Butun dunyo da vaksina yetishmovchiligi kuzatilayotgan bir paytda aholini yuqumli kasallikka qarshi emlash ishlari yuqori saviyada olib borilayotgani mamlakatimizda inson salomatligiga qaratilayotgan katta eʼtibordan dalolatdir.
Kuni kecha Zangiota tumanidagi shifoxonada boʻlib, bemorlar holidan xabar oldim. Ular orasida emlanganlar 1 foizni ham tashkil etmayapti. Toʻgʻri, ayrim emlanganlar ham kasallikni qayta yuqtiryapti. Emlashning birinchi bosqichi bilan ikkinchisining orasiga tushib qolgan yoki ikkinchi vaksinadan keyin hali immunitet hosil boʻlishga ulgurmagan davrda infeksiya yuqtirganlarda dard yengil oʻtyapti. Masalan, emlangan bemorlar ichida reanimatsiyada yotgani yoki sunʼiy nafas olish apparatiga ulangani, ogʻir yoki oʻta ogʻir holatga tushgani uchramaydi. Ogʻir, intensiv boʻlimga tushgan emlanmagan bemorlar vaksina olish afzalligini tushunyapti.
Bu esa vaksinatsiyadan boshqa chora yoʻqligiga yana bir dalildir. Koronavirusni yengishning yagona yoʻli — emlash. Qolaversa, ijtimoiy masofa, niqob taqish, antiseptiklardan foydalanish hozir ham amalda. Ammo yurtdoshlarimiz orasida bunga bepisand qarayotganlar ham bor. Ikki yil mobaynida yigʻilgan tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, koronavirusdan saqlanishning yana bir chorasi — niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash. Vaksina olish mumkin boʻlmagan paytda bu qoidalarga qatʼiy rioya qilinishi shart.
Aholi oʻrtasida kasallikni kamaytirish uchun manbani erta aniqlash, yaʼni yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanish alomatlari (isitma, yoʻtal, gripp) boʻlganlarni erta shifoxonaga yotqizish, ehtiyot choralarini koʻrish (tibbiy niqob taqish, nafas olish va qoʻl gigiyenasi, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish), ijtimoiy masofa saqlash va sogʻlom turmush tarziga rioya qilish boʻyicha tadbirlarni talab darajasida bajarish lozim. Zero, dunyoda koronavirus xavfi butunlay bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yoʻq.
Yana bir gapni taʼkidlashni istardim. Kasallik aniqlanganda uni oʻzboshimchalik bilan davolash holatlari yoki mutaxassis boʻlmagan ayrim shifokorlar tomonidan yozilgan davo choralari kasallikning turli asoratlar bilan kechishi xavfini yuzaga keltirmoqda. Bilib-bilmasdan koʻp miqdorda va kerak boʻlmagan holatda dori-darmonni oʻzboshimchalik bilan qabul qilish ayrim hollarda oʻlimgacha olib kelyapti.
Bugun aholi orasida koronavirusdan davolanish yoki profilaktika maqsadida antibiotik qabul qilish hollari uchrab turibdi. Antibiotik virusga taʼsir qilmaydi. Axir har bir dorining oʻz xususiyati, taʼsiri bor. Ayniqsa, bu kasallikda ayrim dorilarni qabul qilish umuman mumkin emas. Xususan, antibiotik va tomchi dorilar bemor ahvolining ogʻirlashuviga olib kelyapti. Barcha dorilar kasallik darajasi, tahlil natijalariga qarab belgilanishi shart.