Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

"Sir emas, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sodda odamlar ishonchiga kirib, ularning bank plastik kartalaridagi shaxsiy pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish hollari tez-tez uchramoqda.

Xususan, internet orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilayotgani haqidagi asossiz, hech qanday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar ayni ana shu maqsadda takror-takror tarqatilyapti.

Shu bois vazirlik avval ham mazkur yolg‘on axborotlar bo‘yicha bir necha bor o‘z munosabatini bildirgan va aholidan bunday ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘ragan edi.

Biroq uydirma xabarlarni tarqatuvchi bu kabi kimsalar odamlar ishonchini qozonish uchun yangi-yangi aldov usullarini qo‘llamoqda. Ya’ni, endilikda ular internetda Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, aholini o‘z tuzog‘iga ilintirishga urinyapti. 

Jumladan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan sahifaning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma’lumotlarni kiritish so‘ralgan. Aslida yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan bo‘lib, hech qanday rasmiy asosga ega emas".

Vazirlik aholidan bu kabi "feyk" xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinatsiya jarayonlari bilan bog‘liq eng to‘g‘ri ma’lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi https://t.me/ssvuz, https://t.me/ssvmatbuotkotibi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

Ma’lumot o‘rnida:  yolg‘on xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.