Valyutaviy fyuchers operatsiyalari. Bu nima degani?

    Oʻzbekiston Respublika valyuta birjasida ilk bor valyutaviy fyuchers kontraklari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

    Ichki valyuta bozoridagi ushbu yangilik Markaziy bank va OʻzRVB bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarining joriy etilishi, OʻzRVB mobil ilovasi hamda likvidlik provayderlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish” mavzusidagi taqdimotda taʼkidlab oʻtildi.

    Shu bilan birga, tadbirda valyutaviy fyuchers kontraktlari, uni joriy etishdagi ahamiyatli jihatlar, “UZCE mobile GB” mobil ilovasining bozor ishtirokchilari uchun qulayliklari xususida ham atroflicha soʻz yuritildi.

    Xoʻsh, valyutaviy fyuchers kontrakti nima degani? Bu shuni anglatadiki, maʼlum bir miqdordagi valyutani (bazaviy aktiv) bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx boʻyicha kelgusida aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasidir.

    Valyutaviy fyuchers kontraktlarining joriy etilishi, oʻz navbatida, valyuta bozorida yangi turdagi instrumentlarning paydo boʻlishiga hamda bu orqali korxonalarning moliyaviy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tashqi shoklar taʼsirini yumshatishga yordam beradi.

    Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi savdolari ishtirokchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirildi.

    Mazkur mobil ilovaning joriy etilishidan asosiy maqsad:

    – treyderlarga OʻzRVBdan va ish joyidan tashqarida davlat qimmatli qogʻozlarini sotish va sotib olishda masofaviy ishtirok etish imkoniyatini berish;

    – davlat qimmatli qogʻozlari bozoriga oid birja maʼlumotlari va yangiliklaridan xabardor boʻlish;

    – davlat qimmatli qogʻozlari savdo jarayonlarini yanada faollashtirishdan iboratdir.

    “UZCE mobile GB” mobil ilovasidagi mavjud imkoniyatlar davlat qimmatli qogʻozlari bozoridagi auksionlar parametrlariga oid maʼlumotlarni koʻrish, kiritilgan buyurtmalarni bekor qilish, davlat qimmatli qogʻozlarini sotish yoki sotib olish boʻyicha bitimlar tuzish, REPO bitimlarini amalga oshirish va ularning natijalarini koʻrish, birja maʼlumotlari – kotirovkalar, birja yangiliklari va tahliliy materiallarni yoki ushbu bozorga oid boshqa birja maʼlumotlarini olish kabi afzalliklarni yaratishga xizmat qiladi.