Bu yerda har bir tosh, har bir ko‘cha va har bir obida oddiy tarix emas — u tirik xotira, ma’naviyat va insoniyat uyg‘unligidir. Go‘yo vaqt bu shaharda to‘xtab qolgandek.
Lekin hayot o‘z oqimida davom etadi. Ish yuzasidan Buxoro viloyatiga qilgan safarim nafaqat xizmat vazifalarini bajarish, balki tarix va madaniyatga boy maskan bilan yaqindan tanishish imkonini ham berdi. Yo‘lga zamonaviy va qulay poyezdda otlandim — safar yoqimli taassurotlar bilan boshlandi.
Buxoroga yetib kelgan zahotim, shahar meni o‘zining sokinligi va qadimiy ruhi bilan qarshi oldi. Ishlarimni tartib bilan ado etganimdan so‘ng, bo‘sh vaqtlarimdan unumli foydalanib, shaharning eng muqaddas va tarixiy maskanlarida bo‘ldim. Jumladan, Bahouddin Naqshband majmuasi — Naqshbandiylik tariqatining markazlaridan biri bo‘lib, bu yerda asrlar davomida insonlarni sabr, halollik va ma’naviy poklikka chorlagan ta’limot izlari sezilib turadi. Bu maskanda bo‘lish insonni ichki xotirjamlikka undaydi, go‘yo shovqinli dunyodan uzib qo‘ygandek.
Shuningdek, Buxoro qal’asi — Ark qo‘rg‘oniga tashrif ham katta taassurot qoldirdi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Ark asrlar davomida amirlarning qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan va bu yerda davlat boshqaruvi bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilingan. Bugun esa u o‘tmish va bugunni bog‘lab turuvchi ulkan tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib qolgan.
Shahar aylanish davomida yana bir o‘ziga xos dunyoga duch keldik — bu hunarmandlar mahallasi. Maskanda qo‘l mehnati bilan tayyorlangan gilamlar, milliy qadimiy matolar va liboslar namoyish etilgan edi. Ayniqsa, gilamlarning naqshi va rang uyg‘unligi kishi e’tiborini tortadi. Sotuvchilardan biri suhbatda shunday dedi: “Bu yerdagi har bir gilam — qo‘l mehnati. Ularga oylar, ba’zan yillar sarflanadi”. Uning aytishicha, ayrim noyob gilamlar 100 million so‘mgacha baholanar ekan. Bu esa san’atning qanchalik qadrlanishini yaqqol ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, qadimiy kulolchilik buyumlari ham alohida qiziqish uyg‘otdi. Loydan yasalgan bu noyob asarlar nafaqat maishiy ehtiyoj, balki estetik zavq uchun ham xizmat qiladi. Har bir idishda ustalarning mehnati, tajribasi va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’analar aks etgan.
Men joylashgan mehmonxona o‘zining shinamligi va qulay sharoitlari bilan safarni yanada yoqimli qildi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Kun davomida ishlarimni yakunlab, Buxoro ko‘chalarini kezdim. Shaharning kunduzgi va ayniqsa oqshom manzarasi betakror: chiroqlar bilan yoritilgan qadimiy me’moriy obidalar go‘yo boshqa zamonga olib ketadi.
Buxoro taomlari ham alohida taassurot qoldirdi. Har bir taom o‘ziga xos mazasi, betakror tayyorlanish uslubi bilan yodda qolarli bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, bu safar nafaqat ishlarimni samarali yakunlash, balki Buxoroning qadimiy va zamonaviy qiyofasini his etish, uning betakror muhitidan bahramand bo‘lish imkonini berdi.
Zulxumor Akbarova