Oxirgi oʻn yil mobaynida bunday izlanishlar asosan Vohaning qadimda oʻrab olgan Kampir Devor qoldiqlarida va uning tashqarisida joylashgan, Buxoroning ilk shaharsozligiga asos solgan, oʻnlab kichik antik davriga oid yodgorliklar oʻrganilmoqda.
Hozirgi kunda, vohaning Varaxsha massivi, qadimda Zarafshon suvlari bilan moʻl oʻzlashtirilgan, lekin keyinchalik qumlar bosib, choʻl zonasiga aylangan yodgorliklarida asosan qoʻshma Oʻzbekiston — Amerika (Nyu-York universiteti) bilan hamkorlikda arxeologik izlanishlar olib borilmoqda. Natijada, koʻplab yangi topilmalar qoʻlga kiritilgan va taʼmirlashga muhtoj. Bular ichida XI-XII asrlarga oid mis, bronza, kumush va qoʻrgʻoshindan yasalgan 100 dan ortiq metall topilmalar jamlanmasi Buxoro viloyati Madaniy meros Departamenti mutaxassislari hamkorligida Boshqarmaning taʼmirlash laboratoriyasida zamonaviy uskunalar yordamida zang(korroziya) qatlamlaridan tozalanmoqda. Bu topilmalar Buxoroning tarixiga oid boʻlgan va bir necha turga boʻlingan metall eksponatlarni tozalash, taʼmirlash va konservatsiya qilish ishlari tashkil qilinib, oʻrganish ishlari boshlandi.
Topilmalarni tozalash jarayonida yana bir bor, oʻtmishda ota-bobolarimiz boy ilmu tafakkurga, hunarmandchilikning koʻplab yoʻnalishlarida yuksak yutuqlarga erishganliklarining guvohi boʻlmoqdamiz. Metallarning bir biriga oʻzaro birikishiga, yasalgan buyumlarning bejirimligiga, metallar va qimmatbaho toshlarning oʻzaro uygʻunlashishi va ularning sifatiga katta eʼtibor qaratishgan. Masalan, zargarlik, kandakorlik, qoʻyinki metallga ishlov berish sanʼatini yuksak choʻqqiga olib chiqqanlar.
Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi viloyatdagi 287 ta arxeologiya obyektlarida ham arxeologik tadqiqotlarni olib borishda uz hissasini qoʻshmoqda. Masalan Qorakoʻl tumanida joylashgan Poykent yodgorligida, yoki Buxoro shahri qadimgi Shahristonidan topilgan oʻnlab artefaktlar taʼmirlanib muzey qoʻriqxonasiga topshirilgan. Ayrim topilgan buyumlar konservatsiya qilinib, uning tarixiy maʼlumotlari aniqlangandan soʻng muzeyga topshirish jarayoniga tayyorlanmoqda.
Buxoro oʻzining bir necha ming yillik tarixini hali hanuz toʻliq ochib bergunicha yoʻq, shunday ekan tarix koʻzgusini yana-da shaffoflashtirish va mukammal oʻrganish maqsadida har yili qadimiy arxeologik obyektlarda xalqaro ekspeditsiyalar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Oʻzbekistondagi madaniy merosimizni koʻz qorachigʻimizday asrash va kelgusi avlodlarga asl holicha yetkazish va ularga qayta hayot baxsh etish maqsadida Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi restavratsiya laboratoriyasi yana yangi uskunalar xarid qilinishi rejalashtirilgan.