Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Istiqlolimizning 32 yilligi bilan qabul qilingan deklaratsiyada AQSH poytaxti meri Oʻzbekistonda Mustaqillik kunining ahamiyati taʼkidlanib, Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olganini taʼkidlagan. Merning bayonoti ushbu kunning ahamiyatini eʼtirof etibgina qolmay, balki oʻzbek jamoalarining Vashingtonning “boy xilma-xilligi, madaniyati va anʼanalariga” beradigan qadriyatini urgʻulaydi.
1993-yilda Vashingtonda Oʻzbekiston elchixonasi ochilganidan buyon Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli yaxshilanish kuzatildi. Deklaratsiyada elchixona ushbu munosabatlarga “yangi dinamizm” olib kelgani hamda AQSH poytaxtidagi “diplomatik hamjamiyatning jonli va ajralmas qismi”ga aylangani uchun maqtovga sazovor.
Vashingtonda 1-sentyabrning Oʻzbekiston Mustaqillik kuni deb eʼlon qilinishi ramziy maʼno emas, bu ikki xalq oʻrtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan munosabatlarning belgisidir. Soʻngi yillar davomida shakllangan hamkorlik oʻzaro strategik sherikchilikning yorqin ifodasi boʻlib, turli sohalardagi yanada kengroq hamkorlikka zamin yaratmoqda. Deklaratsiyada taʼkidlanishicha, Qoʻshma Shtatlar va Oʻzbekiston koʻplab sohalarda, jumladan, chegara va mintaqaviy xavfsizlik dasturlari, iqtisodiy loyihalar, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ingliz tili taʼlimini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda mustahkam oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirib bormoqda.
Bundan tashqari, shahar meriyasi Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, shaxslararo aloqalarni yoʻlga qoʻyish va ikki davlat oʻrtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Qoʻshma Shtatlar poytaxti Vashington 1791-yilda tashkil etilgan va Amerikaning birinchi prezidenti Djorj Vashington nomi bilan atalgan. Vashingtonda federal hukumatning barcha uch boʻlimining asosiy idoralari, jumladan, AQSH prezidentining Oq uydagi qarorgohi, koʻplab yodgorliklar va milliy ahamiyatga ega muzeylar joylashgan. Shaharda yuzlab elchixonalar, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Amerika davlatlari tashkiloti, Amerikalararo taraqqiyot banki va Panamerika sogʻliqni saqlash tashkiloti shtab-kvartiralari joylashgan.