Shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining Missisipi Milliy gvardiyasi bilan hamkorligi salmoqli darajada faollashdi. Ikki mamlakat harbiy xizmatchilari qoʻshma amaliy tadbirlarni, shu jumladan treninglar, mashgʻulotlar oʻtkazib, axborot almashinuv va turli yoʻnalishlarda harbiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha choralarni amalga oshiryapti.
Jumladan, 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari har yili “Kemp Shelbi”, “Kemp Makkeyn”, “Golfport” oʻquv markazlari negizida oʻtkaziladigan “Janubiy zarba” qoʻshma mashgʻuloti va “Eng yaxshi jangchi” musobaqasida qatnashib kelyapti. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari Missisipi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari bilan munosib bellashib, bir necha yil ketma-ket AQSh musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni egalladi.
Missisipi Milliy gvardiyasi vakillari taʼkidlaganidek, Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonni strategik sherik sifatida qadrlaydi, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga qoʻshayotgan hissasini eʼtirof etadi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Missisipi shtati oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik izchil kengayib borayotgani bilan ajralib turishini taʼkidladilar. Biznes va ilmiy doiralar oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashib borayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Zarafshon va Klinton shaharlari oʻrtasida sheriklik aloqalari oʻrnatildi. Muntazam ravishda yuqori darajadagi oʻzaro tashriflar tashkil etilib, bu orqali yaqin muloqot surʼatlari kuzatilyapti, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.