2017—2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida  aholi, eng avvalo, yosh oilalar, eskirgan uylarda yashab kelayotgan fuqarolar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolar uchun imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish hamda shahar va qishloq joylarda arzon uylar qurish orqali yashash sharoitini yanada yaxshilash belgilangan. Bugungi kunda bu borada belgilangan mazkur maqsad-vazifalar yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo'yicha qabul qilinayotgan davlat dasturlarida o'z ifodasini topmoqda va ularning ijrosi ta'minlanayotir.

O'tgan yili qishloq joylarda — 17 ming 100 ta, shaharlarda — 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar ko'p arzon va shinam uylar qurildi. Kam ta'minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo'lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so'mdan ziyod boshlang'ich badal to'lab berildi.

Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmonining 204-bandida hududlardagi 1 576 nafar og'ir turmush sharoitidagi, nogironligi bo'lgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan ta'minlash nazarda tutilgan.

Xo'sh, joriy yilda bu borada qanday ishlar amalga oshirildi? Uy-joyga muhtoj qancha xotin-qiz imtiyozli uylarga ega bo'ldi?

Bu boradagi vazifalarni o'z vaqtida bajarish uchun, avvalo, joriy yilning boshida Mahalla va oilani qo'llab-qo'vvatlash vazirligi tomonidan “2020 yilda og'ir turmush sharoitidagi, nogironligi bo'lgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi.

Hududiy boshqarmalar tomonidan og'ir turmush sharoitidagi, nogironligi bo'lgan xotin-qizlar ro'yxatlari shakllantirildi. Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasida 97, Andijonda 132, Buxoroda 108, Jizzaxda 110, Qashqadaryoda 110, Navoiyda 43, Namanganda 92, Samarqandda 120, Sirdaryoda 90, Surxondaryoda 105, Toshkent viloyatida 180, Farg'onada 154, Xorazmda 56, Toshkent shahrida 66 nafar xotin-qizlar ro'yxatlari tuzildi.

Joriy yilning o'tgan davri mobaynida, 1127 nafar ayollarga uy-joylar uchun Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg'armasi tomonidan 19 milliard  426 million so'm miqdorida boshlang'ich badallar to'lab berildi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta'minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o'rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Davlatimizning bunday e'tibori va g'amxo'rligidan ularning ko'ngli to'lib, ertangi kunga ishonchi yuksalmoqda. Buni imtiyozli uylarga ega bo'layotgan xotin-qizlarimizning kayfiyatidan, shukronasidan anglash qiyin emas.

— Turmush o'rtog'im vafotidan so'ng uch nafar voyaga etmagan farzandimni boqish, tarbiyalash o'zimning elkamga tushdi, — deydi qiziltepalik  Mohichehra  Narzieva. — O'zimizning shaxsiy uyimiz yo'q edi. Uy qurish juda qiyin bo'lgani uchun shu yilning yanvar` oyida tuman hokimligiga bu masalasida yordam so'rab murojaat qilgan edim. Og'ir turmush sharoitim hisobga olinib, menga ham imtiyozli asosda uy berildi. Bundan juda xursand bo'ldim, ko'nglim tog'dek ko'tarildi. Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg'armasi tomonidan uyning o'n foiz to'lovi to'lab berildi. Qolaversa, davlatimiz ko'magi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashdim. Ikki xonali uyimiz judayam shinam, zamonaviy, barcha shart-sharoitga ega. Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan biz ayollarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikni o'z mehnatim bilan oqlashga, farzandlarimni Vatan koriga kamarbasta, yurt rivojiga hissa qo'shadigan insonlar qilib tarbiyalashga harakat qilaman.

Ha, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar aholiga munosib shart-sharoitlarni yaratish, ularni hayotdan rozi bo'lishini ta'minlashga qaratilgan. Bugun o'z uyiga ega bo'layotgan fuqarolarimiz shukronalik tuyg'usi bilan yashamoqda. Bu mamnunlik ularni kelajakka bo'lgan ishonch bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo'shishga undamoqda.

 Shahzod G'AFFOROV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

jamoatchilik bilan ishlash koordinatori