Mahalla jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsligini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tuman mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimi boshliqlari ishtirokida Ellikqalʼa tumanidagi mahallalarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va oʻzaro tajriba almashish maqsadida koʻrgazmali seminar tashkil qilindi.
Tadbir ishtirokchilarining dastlabki manzili “Saxtiyon” shaharcha fuqarolar yigʻini hududidagi “Guldursin Nafosati” xususiy tikuvchilik sexida boʻlib “Ayollar daftari” ruyxatidagi ayollar bilan muloqat qilindi. Ularning olib borayotgan ishlari bilan qiziqishdi. Shuningdek, ushbu hududda tashkil qilingan sport toʻgaragi faoliyati bilan tanishib, sambo boʻyicha Osiyo chempionlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Seminar qatnashchilarida “Oq oltin” mahalla fuqarolar yigʻini va “Qirqqizobod” ovul fuqarolar yigʻinlari hududlaridagi xonadon tomorqalarida uzum yetishtirayotgan hamda tomorqadan samarali foydalanib, daromad kurayotgan fuqarolarning dehqonchiligi yaxshi taassurot qoldirdi. Tumandagi “Qirqqizobod” ovul fuqarolar yigʻini ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, shu yerda tajriba almashildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan 5 nafar mahalla raislariga zamonaviy kompyuter jamlanmasi topshirildi.
Mahalla Vatan ichra kichik vatan boʻlsa, yashab kelayotgan uyimiz, har kuni yuradigan koʻchamiz mahallaning bir qismi ekan, Vatan ostonasi mahalladan boshlanadi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri