Barcha kampuslarda talabalar, professor-oʻqituvchilar hamda universitet rahbariyati ishtirokida oʻtgan tadbirlar yangi yilga ilhom va masʼuliyat bagʻishladi.

Asosiy yigʻilish Pediatriya kampusida boʻlib oʻtdi. Unda universitet rektori, professor Shuhrat Boymurodov, prorektorlar bilan bir qatorda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bosh mutaxassisi, “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzosi, Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi deputati, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi professor Jamila Shermuhammedova ham nutq soʻzladi.

Mustaqillik darsi va yoshlar taqdiri

Jamila Shermuhammedova oʻz nutqida mustaqillikning inson taqdiriga olib kirgan ulkan oʻzgarishlari haqida toʻxtalib, ayniqsa, tibbiyot taʼlimida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdi. U talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni mustaqillikning neʼmati sifatida baholar ekan, shunday dedi:

— Mustaqillik bizga oʻz yoʻlimizni tanlash, yoshlarimizni milliy ruhda tarbiyalash imkonini berdi. Bugun tibbiyot sohasi faqat bilim emas, balki yuksak maʼnaviyat bilan uygʻunlashmoqda. Yoshlarning izlanishlari va tashabbuslari Vatan kelajagining poydevorini mustahkamlaydi.»

Yoshlar siyosatining ahamiyati

Shermuhammedova mamlakat taraqqiyotida yoshlar siyosatining tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi. Uning fikricha, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ragʻbatlantirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

U yoshlarni har bir daqiqani qadrlab, “Vatan uchun ilm olishga, millat shaʼni uchun izlanishga, xalq manfaati uchun xizmat qilishga” daʼvat etdi.

Samimiyat va taʼsirchanlik

Jamila Shermuhammedovaning nutqi samimiyligi, kreativ va interaktiv usuli bilan talabalar ongida chuqur iz qoldirdi. Uning soʻzlarida bir haqiqat ayniqsa alohida yangradi: tibbiyotchilar millatning meʼmori (xotirasi va kelajagi) hisoblanadi. Shu maʼnoda universitet talabalari zimmasiga yuklatilgan masʼuliyat yana bir bor chuqur his etildi.

Yangi oʻquv yilining “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida boshlanishi — bugungi yoshlarga ilhom, maʼnaviyat va kuch bagʻishlab, ularni kelajak sinovlariga tayyorlab borayotganini yaqqol koʻrsatdi.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Matbuot kotibi.