Bugun yurtimizda inson qadri, erkinligi, baxt-saodati, teng huquqliligini taʼminlash, insoniylikning barcha tamoyillarini yuzaga chiqarish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Bu esa “Davlat – inson uchun” tamoyilining amaldagi ifodasidir. Zero, inson va uning baxt-saodatiga, xalq manfaatlariga xizmat qilish insonparvarlikning asosiy mezoni sanaladi. Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tashkil etadi va davlatimiz siyosatida muhim ahamiyatga ega.
Mana shunday islohotlarni kelgusi besh yillikda ham davom ettirish, ularning uzviyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Ushbu strategiyaning Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish deb nomlangan VI yoʻnalishida bir qator vazifalar asosiy maqsad qilib belgilab berilgan. Mazkur yoʻnalishida belgilangan vazifalarning 87 maqsadi “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz bilan doimiy va samarali aloqalar oʻrnatish asosiy vazifa sifatida belgilangan.
Maʼlumki, 2021-yil 11-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori imzolangan edi. Mazkur tarixiy qarordan koʻzlangan asosiy maqsad, Fond xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizni oʻz ona vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlash hamda qator aniq yoʻnalishlarni amalga oshirishdan iborat. Qayd etish joizki, oʻtgan davr mobaynida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan 1000 dan ortiq vatandoshlar bilan ijtimoiy tarmoqlarda yozishma tarzida muloqotlar olib borilib, ularning 300 nafari bilan Zoom platformasi orqali onlayn suhbatlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali vatandoshlar ishtirokida 30 dan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar tashkil etib kelinmoqda. Mazkur muloqotlarda vazirlik, idora va tashkilotlardan minglab yoshlar ishtirok etishib, vatandoshlarning qimmatli maslahatlari asosida oʻzlarining tajribalarini boyitib borishmoqda.
Xorijdagi vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan 175 ta jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida izchil muloqotlar olib borilmoqda. Ayni kungacha ularning 100ga yaqini bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilib ularning 35 tasi bilan hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, vatandoshlar hamda ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari vakillari ishtirokida Oʻzbekistondagi muhim sanalarga bagʻishlangan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar va tanlovlar oʻtkazildi. Shu bilan birga, Fondning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Kun oilasi”, “Vatandosh olimlar”, “Xorijdagi vatandosh tashkilot” hamda “Sportchi vatandosh” loyihalari tashkil etilgan. Bir soʻz bilan aytganda faoliyatimizning kelgusidagi asosiy eʼtibori ham bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada jonlantirishga qaratiladi.
Mansur Musayev,
“ Vatandoshlar” jamoat fondi masʼul xodimi,
siyosiy fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)