Shu ezgu maqsadlar yo'lida harbiy shifokor va ijodkor Iskandar Rahmonning Vatanga qasamyod onaga qasamyoddir deb nomlangan she'rlar kitobi hamda Assalom, ulug' yurt, qutlug' armiyam! deb nomlangan harbiyona taronalar va saf qo'shiqlar to'plami chop etildi.
Mazkur kitoblar O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi oldidan nashrga tayyorlandi. Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ushbu mo''jaz to'plamlar Vatanimiz himoyachilari, bo'lajak askarlarimizga doimiy hamroh va madadkor bo'ladi, degan umiddamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, Armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi. Armiya avvalo ona Vatan uchun jonini ham ayamaydigan harbiylar askar va serjantlar, ofitser va generallar bilan qudratlidir, deya bejiz ta'kidlamagan. Qurolli kuchlar faxriysi, iste'fodagi tibbiy xizmat podpolkovnigi, O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari a'zosi Iskandar Rahmon ham o'z misralarida asl vatanparvar va fidoyi o'zbek o'g'lonlarini o'z ajdodlariga munosib izdosh bo'lishga undaydi.
ASSALOM ARMIYAM, ULUG' OSTONAM!
Assalom armiyam, ulug' ostonam,
Onaday mo''tabar, qutlug' ostonam!
Bag'ringda to'lamiz kuchga, quvvatga,
Izmingda bo'lamiz mardona har dam!
Armiyam, qir, adir, tog'lar makoning,
Daryolar, cho'l, sahro jonu jahoning!
Osmoning, sarhading erur daxlsiz,
Toki bor saflarda jasur posboning!
Sen mardlik maktabi sabog'idirsan,
Tinchlik va adolat bayrog'idirsan!
Mustaqil yurtimiz O'zbekistonda,
Barqaror tinchlikning mayog'idirsan!
Armiyam, qudratli, shon-shavkatli bo'l,
Jangovar, shiddatli, shijoatli bo'l!
Turamiz safingda elkama-elka,
Yov makrin buzishga berib qo'lga qo'l!
HARBIYLAR QO'SHIG'I
Elim deb, yurtim deb yashar harbiylar,
G'ayrati Amuday jo'shar harbiylar.
Ona-yurt Turonda tinchlik yo'lida
Insoniy burchini o'tar harbiylar.
Naqarot:
Ey Alloh nazari tushgan hur o'lka!
Sen bilan biz doim elkama-elka!
Xalqimiz yonida kamarbastamiz,
Kim g'anim hamisha unga qasddamiz!
Osmonu falakda, erda va suvda,
Sarhadda, ko'z yummas hushyor harbiylar.
Yomon ko'z, yovlardan elni asrashga
Kecha-yu kunduzi tayyor harbiylar.
Naqarot.
Elim deb, yurtim deb yashar harbiylar,
Qudrati kundan-kun oshar harbiylar.
Adolat, halollik, tinchlik shiori,
Farzandlik burchini o'tar harbiylar.
"Yangi O'zbekiston" muxbiri
Muxtasar Tojimamatova tayyorladi