Vatanimga tayanchman

    Harbiy 11 Yanvar 2022 2509

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joriy yil 11-yanvarda “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi tomonidan Sergeli tumani Oʻquv sport texnika klubida “Vatanimga tayanchman” mavzusida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.

    Tadbirda, shuningdek, Sergeli tumani hokimligi vakillari, Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilari hamda bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

    Tadbir mobaynida milliy armiyamizga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, shuningdek, harbiylikning sharafi va masʼuliyati xususida soʻz yuritildi.

    Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini singdirish, yoshlar oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish va ularni ommaviy texnik kasblarga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

    Jumladan, oʻtgan yil davomida poytaxtimizda “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan 340 dan ortiq harbiy-vatanparvarlik tadbirlari va 100 dan ziyod sport musobaqalari oʻtkazilgan boʻlsa, 10 mingga yaqin fuqarolar ommaviy texnik kasblarga tayyorlandi.

    Laziz Boʻronov,

    Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi

    “Vatanparvar” tashkiloti matbuot kotibi.