Men bir qo'shig'imda “Vatan deb oh urmakni vatansizdan so'rab ko'r”, degan edim. Zero, Vatan bizning otamiz, onamiz, shu zaminda tug'ilgan har bir inson uchun muqaddas makon!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi ezgu tashabbusi yaxshi niyatli barcha-barchani behad to'lqinlantirib yubordi. “Vatandoshlar” jamoat fondining ta'sis etilishi bu, avvalo, o'zini shu zamin, shu tuproqqa daxldor deb bilganlar uchun katta bayram bo'ldi.
Kim bo'lmasin, qanday harakat va faoliyat kishisi bo'lmasin, u endi “Vatandoshlar” jamoat fondi huzuriga talpinadi, oshiqadi. Shu asnoda O'zbekiston degan muborak yurt farzandlari bir-biriga yanada jipslashadi, davralar gavjumlashadi, millatdoshlar ko'proq diydorlashadi, dardlashadi, muammolarga bahamjihat echimlar topishadi.
Men juda ko'p xorij mamlakatlarida bo'ldim. “Onaginam”, “O'zbegim” deb qo'shiq boshlaganimda, ko'zidan duv-duv yosh oqqan vatandoshlarimni ko'rdim. O'shalarning iztiroblariga, sog'inchlariga bir zum sherik bo'lar ekanman, o'zimda kuchli seskanish sezardim.
Shunday kezlarda beixtiyor buyuk shoirimiz Erkin Vohidov:
“Jahonda men tug'ilgan o'lkadek hech bir diyor bo'lmas,
Bu yanglig' bog'-u gulshan ham bu yanglig' gul-u zor bo'lmas,
Vatan sevmakdin ortiq menga olamda shior bo'lmas,
Vatanni sevmagan inson, jahonda baxtiyor bo'lmas!” –
deya behuda yozmaganini e'tirof etasan kishi.
Bir gal, adashmasam, 2001 yil edi, ijodiy safar bilan Isroil davlatiga borganimizda Tel-Aviv shahrida yashovchi, bir paytlar Samarqanddan ko'chib ketgan Emmanuel degan yahudiy vatandoshimiz bizni xonadoniga chaqirdi.
Mehmondorchilik davrasida Vatan haqidagi qo'shig'imni aytdim. Qo'shiq yarmiga borganda Emmanuelning onasi – o'qituvchi uvvos solib yig'lab yubordi!.. Qarang, Samarqandda tug'ilib o'sgan, taqdir taqozosi bilan bu erdan ko'chib ketgan onaxonning Vatanimizga bo'lgan samimiy tuyg'ularining ifodasini ko'ring.
Men yarim asrlik ijodim davomida o'nlab chet el safarlarida bunday holatlarni juda ko'p ko'rdim.
Azizlarim, birodarlarim! Aziz Vatan, ona O'zbekiston – barchamizniki. “Vatandoshlar” jamoat fondi shu muqaddas Vatanimizga bo'lgan iftixorimizga labbay, deb xizmat qiladi, albatta.
Yuklatilgan mas'uliyatni men o'zimga bildirilgan yuksak ishonch, e'tibor va juda katta mas'uliyat deb bilib, bor imkoniyatim bilan shu yurtga xizmat qilishga shayman.
Sherali JO'RAEV,
“Vatandoshlar” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi,
O'zbekiston va Tojikiston xalq artisti