Tadbirda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shoir va yozuvchilar, olimlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.
Shuningdek, oliy va oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari vakillari, talabalari, tanlov ishtirokchilari, Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar qatnashdi.
Dastlab, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining oʻtkazilish maqsadi, mazmun-mohiyati, soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan sharoit va berilayotgan imkoniyat, aynan yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlarning daxldorlik hissi bilan faol ishtirok etishi muhimligini aytib oʻtdi. Oʻtkazilgan tanlovda ham ishtirokchilarning Vatan tuygʻusini dilga jo aylab, yozgan insholarida aks etishga harakat qilganlari eʼtirof etildi.
Uchrashuvda soʻz olgan davlat va jamoat arboblari ham bu borada oʻz fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Shundan soʻng “Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Dastlab hakamlar hayʼati taklifi bilan joriy etilgan nominatsiyalar sovrindorlari mukofotlandi. Gʻoliblarga mutasaddilar tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi uchinchi oʻriniga uch nafar — “Sayyid Muhyiddin maxdum” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Islomshunoslik yoʻnalishi 1-kurs talabasi Ravshanbek Abduraximov, Toshkent islom instituti Islomshunoslik yoʻnalishi 1-kurs talabasi Eʼzozxon Yigitaliyeva, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Muhammad al-Beruniy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Islomshunoslik yoʻnalishi 3-kurs talabasi Azizbek Atamuratov loyiq topildi. Uchinchi oʻrin sovrindorlari 3-darajali diplom va 10 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tanlovning respublika bosqichi ikkinchi oʻriniga ikki nafar — Mir Arab oliy madrasasi Islomshunoslik yoʻnalishi 1-kurs talabasi Asrorbek Teshaboyev hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ziyorat turizmi” taʼlim yoʻnalishi 3-kurs talabasi Muhammadamin Mamanov egalladi. Ikkinchi oʻrin sovrindorlari 2-darajali diplom va 20 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
1-oʻringa Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi Islomshunoslik yoʻnalishi 2-kurs talabasi Murtazo Musayorov munosib deb topildi. Gʻolib 1-darajali diplom va 30 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
“Vatanni sevmoq iymondandir” insholar tanlovining respublika bosqichi 1-2-3-oʻrin sovrindorlarining ustozlari ham pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlov nizomiga koʻra, respublika bosqichi ishtirokchilarining barchasiga noutbuklar topshirildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati