Bugungi murakkab sharoitda davlatning mudofaa salohiyati va jangovar qudratini yana-da oshirish, Qurolli Kuchlarni izchil rivojlantirish masalalari hukumatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, harbiy mojarolar va zamonaviy jang amaliyotlarini hamda milliy harbiy sanʼat tarixini chuqur oʻrganish, harbiy ilmni rivojlantirish, globallashuv sharoitida mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatarlar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda harbiy xizmatchining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, maʼnaviy dunyoqarashi har qachongidan koʻra koʻproq ahamiyat kasb etmoqda.
Harbiy-taktik salohiyati yuqori, maʼnaviy-axloqiy fazilatli harbiy xizmatchilarni tayyorlashda milliy davlatchiligimiz tarixi, ayniqsa Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimizning boy jang sanʼatidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Vatanimiz tarixida oʻzining jasorati va vatanparvarligi bilan xalq mehrini qozongan, yurt taqdiri va kelajagi uchun qaygʻurgan, el ozodligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan shaxslarning nomi tarix zarvaraqlariga mangu muhrlangan.
Mustaqillik tufayli xalqimiz oʻzligini tanidi, ulugʻ ajdodlarimizning tarixdagi oʻchmas jasorati va yuksak dahosi haqidagi asl haqiqat roʻyobga chiqdi.
Buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining tarixiy siymosi, Vatan kabi muqaddas qoʻrgʻonni koʻz qorachigʻidek himoya qilish yoʻlidagi oʻchmas jasorati va boy merosi xalqimiz, ayniqsa, zamonamiz yoshlariga yuksak namuna boʻlib xizmat qiladi. Uzoq vaqt mobaynida qadr-qimmati toptalgan, tarixiy ahamiyati qadrsizlangan sarkardalarimizning ulugʻ nomini tiklash, xotirasini abadiylashtirish, shuningdek, ajdodlar mardligi timsolida milliy gʻururni yuksaltirish imkoniyati aynan mustaqillik sharofati bilan yuzaga chiqqani bejiz emas.
Davlatimiz rahbarining “Bizning tanimizda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi bobolarimiz qoni oqmoqda. Biz shunga munosibmiz va shu munosiblikni har daqiqada butun xalqimizga, jahon ahliga tarannum qilishga shoshilishimiz kerak” degan fikrlari zamirida ulugʻ bobokalonlarimizning barhayot siymosi yosh avlod qalbida cheksiz iftixor tuygʻusini joʻsh urdirayotgani, shuningdek, bu ulkan masʼuliyat ekanini ham unutmaslik singari ezgu maqsad mujassam.
Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona institutida Jaloliddin Manguberdi jasoratiga bagʻishlangan «Vatanning sheryurak bahodiri» mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Davlat bojxona qoʻmitasi Raisining maslahatchisi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutasaddilari, Institut oʻqituvchilari va kursantlari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari hamda elimiz suygan sanʼatkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyati boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borgan olimlar nutq soʻzlab, ushbu siymo shaxsiyati jahon tarixida juda kam uchraydigan hodisa ekani, Vatan erkinligi yoʻlidagi qahramonligi va fidoyiligi, shuningdek, bizning bugungi tinch va xotirjam hayotimizni asrab-avaylash, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashashga daʼvat etishini alohida taʼkidladi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir davomida yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar samarasi sifatida Bojxona instituti kursanti Kenjayev Umaralining “Sogʻinch daftari” sheʼriy toʻplami taqdimot etildi. Taqdimotda soʻz olgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Mansur Yunus soʻz olib, yosh shoirning sheʼrlaridagi gʻoyalarning insonparvarlik, vatanparvarlik, ezgulikka yoʻgʻrilganligini taʼkidlab, mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar natijasida bu kabi unib kelayotgan yosh ijodkorlarga omadlar tiladi.
Tadbir davomida Jaloliddin Manguberdi siymosi gavdalantirilgan spektakldan parchalar namoyish etildi. El ardogʻidagi sanʼatkorlarning mardlik va jasoratni madh etuvchi qoʻshiqlari ishtirokchilarga oʻzgacha shukuh baxsh etdi.