Unga koʻra, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining yangi davrida tashkilot oʻz maqsad va vazifalarini amalga oshirishda hech ogʻishmasdan harakat qilish barobarida yangidan-yangi tashabbuslar ishlab chiqadi, shuningdek, davlat rahbari va hukumat tomonidan qoʻyilayotgan topshiriqlarni muddatida sifatli bajarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Jumladan, tashkilotning aholi, ayniqsa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga oʻqitish hamda sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish borasidagi faoliyati tubdan takomillashtiriladi.
H.Botirovning bildirishicha, 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan respublikamiz miqyosida yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish 3 bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqichda shu yilning aprel oyidan boshlab fuqarolarni “Vatanparvar” tashkilotining “Haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida” “V”, “VS”, “S”, “D”, “E” toifalari boʻyicha oʻqitilishi yoʻlga qoʻyiladi.
2-bosqichda avgust oyidan “Texnik xizmat koʻrsatish kurslari” tashkil etilib, yoshlar 5 xil kasbga – vulkanizator, elektrik-akkumulyatorchi, gaz-elektr payvandchi, chilangar, avtoelektrik mutaxassisliklari boʻyicha oʻqitilishi moʻljallanmoqda.
3-bosqichda dekabr oyidan boshlab “Murakkab texnikalarni boshqarish kurslari” yoʻlga qoʻyilib, ushbu kurslarda yuk ortuvchi transport, avtogidro-podyomnik, yuk mashinasi krani, gʻildirakli traktor, bitta kovshli ekskavator texnikalarini boshqarish boʻyicha oʻqitilishi kutilmoqda.
Eʼtiborlisi, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar yuqoridagi kasblarga bepul oʻqitilishi rejalashtirilgan.
“Vatanparvar” tashkiloti ushbu vazifani amalga oshirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va bir qator idoralar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Konferensiya davomida Markaziy kengash aʼzolari tomonidan qator masalalar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Ustaviga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishiga ovoz berildi.
Tashkilotning yangi tahrirdagi Ustaviga kiritilgan jiddiy oʻzgarishlardan biri unga “Tashkilotning Qurolli Kuchlar bilan hamkorligi” deb nomlangan yangi XII-bobning kiritilishi boʻldi. Mazkur bobda “Tashkilot mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni oʻtashga tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan oʻrnatilgan tartibda hamkorlik qilishi va ularga har tomonlama koʻmaklashishi” belgilangan.
Umuman olganda Ustavda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga koʻmaklashish, fuqarolar, ayniqsa yoshlarni mehnatga va Vatanni himoya qilishga tayyorlash, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni kasbga oʻqitish hamda sportga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash ishlarida koʻmaklashishga doir bir qator aniq vazifalar belgilab qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati