Tadbir boshida Yoshlar ishlari agentligi va “Vatanparvar” tashkilotlari oʻrtasida yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Memorandum imzolashda koʻzlangan asosiy maqsad, yoshlarni davlat suverenitetini himoya qilish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini keng ommalashtirish orqali sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlar va muhtoj oilalar farzandlarini turli kasblarga tayyorlashda oʻzaro hamkorlik qilish hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti raisi Husan Botirov oʻz murojaati boshida tashkilotning tuzilishi tarixi, maqsad va vazifalari hamda tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Ayniqsa, uning muhtoj oilalar farzandlari uchun tashkilot tomonidan amalga oshirilishi kutilayotgan xayrli ish rejasi tadbir qatnashchilarining olqishiga sazovor boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 1-aprelidan respublikamiz miqyosida “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan muhtoj oilalar farzandlarini “Vatanparvar” tashkilotining oʻquv muassasalarida “VS” toifali haydovchilarni tayyorlash boʻyicha bepul oʻqitilishi yoʻlga qoʻyiladi. H.Botirov, shuningdek, “Vatanparvar” tashkilotining respublikamiz yoshlari orasida harbiy-vatanparvarlik hamda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirishga doir rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi va barcha yoshlarni ushbu mashgʻulotlarda faol qatnashishga chaqirdi.

Tantanali tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi avtosport, motosport, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, harbiy amaliy koʻpkurash, oʻq otish, aviamodel, raketamodel, kemamodel sporti, radiosportning alohida oʻrnak koʻrsatgan bir qator murabbiylari va yosh sportchilar sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

“Yoshlar ijod saroyi” hovlisida esa tadbir ishtirokchilari “Vatanparvar” tashkilotining haydovchilar tayyorlashda foydalaniladigan avtomototransport vositalari va sport texnikalarining namoyishi, koʻrgazmali chiqishlarini guvohi boʻldilar. Ayrim qiziquvchan yoshlar karting, sport mototsikllarini sportchilar va murabbiylar yordamida boshqarish imkoniyatiga hamda duatlon, yozgi biatlon, sport miltigʻi va kamondan oʻq otish imkoniyatiga ega ham boʻldilar.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati