Tomonlar Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Litva, Latviya, Slovakiya va Polshada texnik kasb mutaxassislariga bo‘lgan yuqori talabni “Vatanparvar” tashkiloti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qondirish mumkinligi to‘g‘risida muhokama qildilar.
Hozirda Yevropada 10 mingdan ziyod “CE”, “D” toifadagi haydovchilarga va minglab turli texnik kasb egalariga ehtiyoj sezilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan turli mamlakatlardan, jumladan, O‘zbekistondan ushbu kasb mutaxassislarining Yevropa davlatlariga borib ishlashlari uchun imkoniyat yaratadi.
“Vatanparvar” tashkilotining 210 dan ortiq o‘quv muassasalarida respublika bo‘ylab yiliga o‘rtacha 150 ming nafar fuqarolar haydovchilik kasbiga hamda yana minglab fuqarolar texnik xizmat ko‘rsatish va murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassisliklariga tayyorlanmoqda. O‘z navbatida ushbu omil tashkilotning Yevropa davlatlari talabini qondirishi mumkin bo‘lgan malakali kadrlarni yetkazib berish quvvatiga ega ekanligini anglatmoqda.
Yaqin kunlar ichida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Vatanparvar” tashkiloti tomonidan ushbu masala yuzasidan aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi boshida Germaniya Federativ Respublikasi Ichki ishlar va vatan vazirligi huzuridagi migratsiya masalalari bo‘yicha hukumat maxsus vakili Yoaxim Shtamp boshchiligidagi delegatsiya “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashi tasarrufidagi Chilonzor tumani O‘quv sport texnika klubiga tashrif buyurib, tashkilotning moddiy-texnik negizi bilan tanishgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati