88 yoshli pontifik insult va uning ortidan “qayta tiklab bo'lmaydigan yurak-qon tomir kollapsi”dan vafot etdi”, deyiladi bayonotda. U yuragi to'xtab qolishidan oldin komaga tushib qolgan.
Rim papasi Fransiskning o'limi haqidagi rasmiy xulosani Vatikan sog'liqni saqlash xizmati direktori Andrea Arkandjeli tuzgan. Unga ko'ra, Katolik cherkovi rahbari ikki tomonlama pnevmoniya, gipertoniya va 2-toifa qandli diabetdan aziyat chekkan.
Katolik cherkoviga 12 yildan ortiq rahbarlik qilgan Rim papasi Fransisk (tug'ilgan ismli Xorxe Mario Bergolo) 21-aprel kuni erta tongda vafot etdi. Butun dunyo bo'ylab katoliklar, protestantlar va pravoslav xristianlar Masihning tirilishi bayramini nishonlash arafasida, pontifik odamlarni Muqaddas Petr maydonida kutib oldi va an'anaviy Urbi et Orbi (Shaharga va dunyoga) duosini o'qidi. Bu uning o'limidan oldin omma oldida so'nggi chiqishi edi, deb xabar beradi dw.com.
Papa Fransisk o'zining Pasxadagi murojaatida, jumladan, siyosiy yetakchilarni muhtojlarga yordam berish, ochlikka qarshi kurashish va taraqqiyotga yordam beruvchi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash uchun mavjud resurslarni yo'naltirishga chaqirdi. “Insonparvarlik tamoyili kundalik yurish-turishimiz uchun yo'l-yo'riq sifatida hech qachon yo'qolib qolmasligi kerak”, dedi u.