Vatikan gubernatori Juzeppe Bertello 8-fevral kuni farmonni imzolaganidan soʻng hujjat atrofida qizgʻin munozara boshlandi. Italiya va dunyoning aksariyat qismida vaksina qabul qilish ixtiyoriy.

Farmonga binoan emlashdan bosh tortish boshqalarga xavf tugʻdirishi mumkinligini hisobga olgan holda vaksina qabul qilish maʼnaviy javobgarlik hisoblanadi.

OAVda ushbu mavzu boʻyicha eʼlon qilingan xabarlardan norozi boʻlgan Italiya aholisi ijtimoiy tarmoqlarda Vatikanni tanqid qila boshladi.

Natijada 18-fevral kuni Vatikan hukumati emlashdan bosh tortishning oqibatlari haqida ogohlantirish hech qanday jazoni anglatmasligini aytib, vaziyatga aniqlik kiritdi. Vatikan gubernatori emlash dasturida ishtirok etish ixtiyoriy ekanligi, shunga qaramay, kimningdir emlashdan bosh tortishi uning oʻziga va boshqalarga xavf solishi mumkinligi toʻgʻrisida bayonot berdi.

Bertello vakolatxonasi emlanishni istamaganlar uchun hukumat ish bilan taʼminlashning muqobil variantlarini izlashga tayyor ekanini maʼlum qildi. Vatikan hukumati emlash masalasida xodimlarga bosim oʻtkazmoqchi emasligi taʼkidlandi.

Biroq Yevropa OAV maʼlumotiga koʻra, Vatikan haqiqatan ham emlashdan bosh tortgani uchun xodimlarni ishdan boʻshatish huquqiga ega: bu chora 2011-yilgi qonunda mustahkamlangan.

OAV Rim papasi Fransiskning COVID-19ʼga qarshi emlash gʻoyasini faol ravishda qoʻllab-quvvatlayotganini taʼkidlamoqda. U mart oyida Iroqqa tashrifi davomida unga hamrohlik qiladigan barcha jurnalistlarning koronavirusga qarshi emlanishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

Vatikanda besh mingga yaqin kishi ishlaydi. Mamlakatda koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan emlash yanvar oyi boshida boshlangan. Rim papasi Fransisk allaqachon barqaror immunitetni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan vaksinaning ikkala komponentini qabul qilgan.