Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari A.Yazmuradov boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davomida suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻzbek-turkman hukumatlararo qoʻshma komissiyasining uchinchi yigʻilishi oʻtkazildi.
— Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining yuksak saʼy-harakatlari evaziga azaliy rishtalar, qardoshlik aloqalari yanada rivojlanib, munosabatlarimiz sifat jihatdan yangi bosqichga – strategik hamkorlik darajasiga koʻtarildi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, qoʻshma komissiyaning Oʻzbekiston tomoni raisi Sh. Gʻaniyev.
Oʻz navbatida, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari A.Yazmuradov ham ikki davlat rahbarining oqilona va uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati tufayli transchegaraviy suv resurslarini boshqarish borasidagi hamkorlik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik tobora mustahkamlanayotganini eʼtirof etdi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz suv masalalari boʻyicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasida, suvdan foydalanish boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yillarda oʻzaro hamkorlik va erishilayotgan kelishuvlar natijasida Amudaryo havzasida suv taʼminoti darajasini yaxshilash boʻyicha ijobiy natijalarga erishilyapti.
Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amu-Zang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. Oʻz navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv yetkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining 6 ta nasos stansiyasi Turkmaniston hududida joylashgan boʻlib, oʻzbekistonlik suvchilar qoʻshni davlat hududiga oʻtib, ularni ishlatadi.
Turkmaniston Amudaryodan oʻz hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi.
Oʻzbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston hamda Turkmanistonning Toshovuz viloyati hududlarini suv bilan taʼminlovchi Tuyamoʻyin suv ombori ikki mamlakat chegara hududlarida shakllanadi. Undan chiqariladigan suv Turkmandaryo hamda Chapqirgʻoq magistral kanallari, shuningdek, Tuyamoʻyin gidrouzelining pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan Xonyop, Jumaboy soqa, Qilichniyazboy va Qipchoq-Boʻzsuv kanallari orqali Toshovuz viloyati hududlariga yetkazib beriladi.
— Suvchilarning millati boʻlmaydi. Biz yagona millat, bir xalq vakillarimiz, — dedi yigʻilishda suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev. — Tomonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Turkmaniston hududida joylashgan Oʻzbekistonning suv xoʻjaligi obyektlari, xususan, Qarshi magistral kanali, Amu-Buxoro mashina kanali va Tuyamoʻyin GES majmualari ishlashi taʼminlanmoqda.
Qoʻshma komissiya yigʻilishida Turkmaniston hududida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi ishchilar uchun “Vaxta” rejimini bekor qilish hamda “Tallimarjon-Tallыmerdjen” va “Drujba-Gazodjak” chegara postlari faoliyatini qayta tiklash, Amudaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish tizimini va maʼlumotlar almashinuvini avtomatlashtirish, Amudaryo qirgʻoqlarini mustahkamlash va oʻzanlarini toʻgʻrilash orqali suv yoʻqotilishini kamaytirish hamda suvning toʻsiqsiz oʻtish choralarini koʻrish, “Tuyamoʻyin gidrouzeli Sultonsanjar toʻgʻonida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” hamda “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash” (Faza-3) loyihalari doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga Turmaniston hududiga kirish vizalari berish kabi masalalar muhokama qilindi. Koʻrilgan masalalar yuzasidan Bayonnoma imzolandi.
Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishini 2024-yilda Turkmanistonning Turkmanobod shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.