Vazifalarimizni chuqur va ongli anglash vaqti keldi

    “YOshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha — hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak? degan savollariga javob beradigan, shunday e'tiqod bilan yashaydigan vaqt keldi”.

    Televizor orqali davlatimiz rahbarining bu yilgi Murojaatnomasini ham katta qiziqish va hayajon bilan kuzatdik. Ayniqsa, 2021 yilning mamlakatimizda “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani ko'nglimizga alohida iftixor va g'urur bag'ishladi. SHu bilan birga, yoshlar bilan ishlovchi tashkilot sifatida zimmamizga yuklangan mas'uliyat zalvorini yanada oshirdi.

    YOshlik — g'ayrat, shijoat hamda jo'shqinlik fasli. Har bir yosh mana shu pallada o'z oldiga qo'ygan maqsadlariyu rejalarini amalga oshirishi, yuksak marralarni zabt etishi umr bahorining eng gullagan davriga to'g'ri keladi. Bugungi kunda yurtimizda ochilayotgan yangidan-yangi imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar ham yoshlarning ertasi va kelajagiga qaratilgani ayni haqiqat.

    YAqinda YOshlar forumida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvi barchani birdek hayajonga solgandi. Unutilmas voqelikka aylangan ushbu tantanali marosim yig'ilganlarning qalbu shuurida takrorlanmas va o'chmas kun sifatida muhrlandi.

    Ayniqsa, poytaxtimiz chiroyiga chiroy bag'ishlab turgan “Humo” arenasida O'zbekiston yoshlari forumining o'tkazilishi majoziy ma'noda yigit-qizlarning yuksak parvozida qanot baxsh etdi. YUrtimizning barcha hududidan kelib tadbirda bevosita va onlayn qatnashgan zukko yoshlarning ishtiroki uchrashuvga yanada ko'tarinki ruh hamda o'zgacha shukuh ulashdi. Dillardagi hayajon va ko'zlardagi quvonchni esa tasavvur etish mushkul.

    Xususan, navoiylik yoshlarning ham ushbu forumda qatnashishi, ularning taklif va g'oyalari shu qatlamning faol a'zosi sifatida menga ham g'urur bag'ishladi. Vakillarimiz tarkibida bugun viloyatimizda o'z tadbirkorligini yo'lga qo'ygan, turli sport musobaqalarida yurtimiz bayrog'ini ko'kka ko'targan, ixtirolari bilan dunyoni lol qoldirayotgan, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarning borligi va aynan ular bilan faoliyatimni olib borayotganim ko'proq ishlashga undaydi.

    Davlatimiz rahbarining “YOshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha — hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? ertaga farzandlarimiz manfaati uchun yana nima ish qilishim kerak? degan savollariga javob beradigan, shunday e'tiqod bilan yashaydigan vaqt keldi”, degan fikrlari har bir tashkilot rahbariga alohida mas'uliyat yuklaydi.

    SHu sabab ham bugun biz vazifalarimizni chuqur va ongli ravishda anglashimiz, idrok etishimiz, avvalo, aniq maqsadimiz nimadan iborat ekanini bilishimiz darkor. Zero, o'z taqdirimizni millat, Vatan va xalq orzu-umidlari bilan bog'lashga bel bog'laganmiz. Har birimizning zimmamizda shu yurt farzandlarining quvonch va tashvishlariga sherik bo'lishdek ulug' vazifa bor.

    Dunyoda ezgulik degan buyuk tushuncha mujassam. Bu so'zning zamirida bir olam ma'no yotibdi. Uning ta'rifu tavsifini to'liq anglagan va bu noyob tuyg'uni butun vujudiga jo qilgan kishigina chinakamiga ulug'vorlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik xislatlariga ega bo'ladi. Biz mana shu tushunchalarni yoshlar ongiga singdirishimiz, vatanparvar o'g'il-qizlarni tarbiyalamog'imiz lozim. Buning uchun esa ularga ilm o'rgatishimiz, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishimiz lozim.

    Forumda so'zga chiqqan yoshlarning salohiyati, zamonamizga mos fikrlashi va bir-birini takrorlamas dunyoqarashi ertangi kunga bo'lgan ishonch hissini yanada oshirdi. CHunonchi, forum ochilishida etti tilda bemalol gaplasha oladigan, tengdoshlarini hayratga solgan To'raqo'rg'on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o'quvchisi Dilshoda Hakimovani ko'rib, o'zbek qizlarining nechog'lik ilmga intiluvchan ekaniga yana bir bor guvoh bo'ldik.

    Jumladan, 2021 yilda oliy ta'lim muassasasiga kirish imtihonida eng yuqori ball to'plagan ikki yuz nafar yoshga to'rt yil davomida Prezident stipendiyasi berilishi, ikki va undan ortiq farzandi oliy o'quv yurtida to'lov-shartnoma asosida o'qiyotgan oilalarga imtiyozli ta'lim krediti ajratilishi, IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to'plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to'liq qoplanishi ilm olish istagidagi yigit-qizlarning ko'nglidagi gap bo'ldi. SHuningdek, yoshlarimizning yangi loyihalarini moliyalashtirish uchun 100 million AQSH dollar yo'naltirilishi, yosh mutaxassisni ishga olgan tashkilotlarga imtiyozlar berilib, hududlarda yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishi, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlardan guruh tashkil qilinib, ular dunyoning gigantlari Facebook, Google kabi kompaniyalarning tajribasini o'rganish uchun AQSHdagi Silikon vodiysiga sayohatga yuborilishi rejalashtirilgani misolida ham har jabhada yoshlarning ertasi va kelajagi uchun aniq rejalar hamda ezgu maqsadlar ko'zlanganining guvohi bo'lamiz.

    Murojaatnomada mazkur imkoniyatlarni mazmunan boyituvchi, qamrovi va ko'lamini kengaytiruvchi qator loyihalar xususida so'z yuritildiki, ularning ro'yobi yurtimizdagi minglab o'g'il-qizlarning parvoziga qanot bag'ishlaydi. Bu kabi imkoniyatlar, yaratilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalangan holda, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish, dadil qadamlar bilan ulkan marralarni zabt etib, mamlakatimiz dovrug'ini butun dunyoga taratish — barchamizning ezgu maqsadimiz. Bu yo'lda davlatimiz rahbarining yuksak e'tibor va ishonchi O'zbekiston yoshlariga mustahkam tayanch va suyanch vazifasini o'taydi.

    Jamshid XOJAEV,

    O'zbekiston yoshlar ishlari agentligi

    Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig'i,

    senator