Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda ogʻir hududlar roʻyxatiga kiritilgan mamlakatimizdagi 1071 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar olib bormoqda.
Xususan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov boshchiligidagi Ishchi guruh aʼzolari ayni kunlarda Qashqadaryo viloyatidagi ushbu toifaga kiruvchi fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, mavjud holat bilan yaqindan tanishmoqda.
Fuqarolar yigʻinlarining moddiy texnik taʼminoti boʻyicha oʻrganishlar davomida viloyatdagi 50 ta mahalla binosi joriy, 40 tasi kapital taʼmirga muhtojligi, 24 ta fuqarolar yigʻini yangi bino qurish zarurligi aniqlandi.
Hozirda hududdagi oʻz xizmat binosiga ega boʻlmagan 2 ta mahalla hokimlik balansida boʻlgan binoda, 276 tasi taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari binosida, 34 tasi boshqa korxona va tashkilotlarga tegishli binoda, 8 tasi qoʻshni mahalla binosida, 1 tasi mahalla raisining xonadonida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tahlillar asosida 59 ta fuqarolar yigʻinida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi, 9 tasining kommunal toʻlovlardan 4,5 mln. soʻm qarzdorligi mavjudligi, 79 ta fuqarolar yigʻini internet tarmogʻiga ulanmaganligi, 6 ta mahallada kompyuter jihozlari yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlandi.
Ishchi guruh tomonidan keltirib oʻtilgan mazkur muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish boʻyicha tuman hokimlari hamda boshqa masʼul tashkilot rahbarlari bilan tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Vazir R.Mamatov bugun viloyatning Qamashi tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, turli aholi vakillari bilan muloqot qildi. Aholi muammolarini bartaraf etish va shuning asnosida odamlarning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashlari, mahalladagi mavjud infratuzilmani yanada yaxshilash boʻyicha mahalla fuqarolarining qator takliflariga quloq tutdi.
Shuningdek, hududni ichimlik suvi bilan toʻla taʼminlash, mahalladagi ichki koʻchalarni taʼmirlash masalasida fuqarolarning takliflari asosida manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi, deb xabar bermoqda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati.