Abduqodir Toshqulov Qoraqalpogʻiston tibbiyot, Nukus davlat pedagogika hamda Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutlarida yaratilgan sharoitlar, oʻquv binolarining holati va talabalarning bilim olish darajasi bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab, Nukus davlat pedagogika instituti kimyo fakulteti talabalari bilan dildan suhbatlashdi. Talabalar mavjud kamchilik va muammolarni vazirga ochiq, erkin tarzda bildirishdi. Jumladan, oʻquv adabiyotlar, laboratoriya asbob-uskunalari, anjomlari yetishmasligi, mavjudlari ham juda eskirib qolgani maʼlum qilindi. Bu borada muassasa rahbariyatiga bir oy muddatda kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berilib, qatʼiy nazoratga olish soʻraldi.
Vazir bugungi kunda talabalar sifatli taʼlim olishlari uchun, eng avvalo, zamonaviy oʻquv-laboratoriya xonalari, talabalar turar-joylari hamda sport inshootlarini qurish muhim ekanligini taʼkidladi.
— Aksariyat talabalar toʻlov-shartnoma asosida taʼlim olishadi. Biz ota-onalarning ushbu toʻlovlariga yarasha zamon talablariga mos sharoitlar yaratishimiz kerak, — dedi A.Toshqulov.
Shuningdek, mazkur institutning 2800 nafar talabaga moʻljallangan, ammo qurilish ishlari oxirigacha tugallanmay qolgan oʻquv binosi koʻrib chiqildi. Ushbu binoni 3 oy muddatda foydalanishga topshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng, institutning kuni kecha foydalanishga topshirilgan 600 oʻrinli yangi talabalar turar-joyi koʻzdan kechirildi. Talaba-yoshlarning oʻqishdan boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun majmuada barcha sharoit yaratilgani qayd etildi. Xususan, kompyuter xonasi, zamonaviy axborot-resurs markazi, sanʼatga qiziquvchi yoshlar uchun cholgʻu asboblari, tikuvchilik sirlarini oʻrganish uchun tikuv mashinalari bilan jihozlangan toʻgaraklar tashkil etilgan. Ovqatlanish, yuvinish, internet tarmogʻidan foydalanish, gazeta-jurnal mutolaa qilib, televizor tomosha qilish uchun ham barcha sharoit mavjud. Shunga qaramay, hanuzgacha talabalar uchun ayrim xizmat koʻrsatish xonalarining toʻliq foydalinishga topshirilmagani tanqid qilindi.
Soʻngra A.Toshqulov Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutiga ham borib, kampusda talabalarning oʻqishi va yashash sharoiti bilan tanishdi. Institut huzurida yangi bunyod etilgan klinika faoliyati ham koʻzdan kechirildi.
Mazkur institutda zamonaviy tibbiyot jihozlari va talabalar amaliyot oʻtashi uchun barcha qulayliklar mavjud.
Keyingi manzil Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti boʻldi. Vazir talabalar bilan muloqot qilib, ularning institutdagi taʼlim sifati hamda kelajak rejalari haqidagi fikrlarini tingladi.
Shu bilan birga, muassasaning oʻquv va laboratoriya xonalari, talabalar turar-joylari hamda sport inshootlari bilan tanishib, ularni yaxshilash va talabalar turar-joyida tashkil etilgan tikuv sexini tikuv mashinalari bilan taʼminlash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi. Vazirlik tomonidan muassasadagi 7 ta oʻquv-laboratoriya uskuna va jihozlari uchun reaktivlar sotib olishga 1 mlrd soʻm ajratiladigan boʻldi.
Institutda moliyaviy imkoniyat cheklanganiga qaramay, yoʻqdan bor qilib, talabalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani vazir tomonidan alohida qayd etildi.