Tanqidiy ruhda va atigi bir soat davom etgan yigʻilishda vazirning qisqa fursatda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Fargʻona viloyatiga qilgan xizmat safari davomida hududdagi OTMlar jamoasi va talabalar bilan boʻlgan muloqot, oʻquv jarayonlari va yaratilgan sharoitlarni oʻrganish tafsilotlariga toʻxtalib oʻtildi.

Ayniqsa, Qoʻqon davlat pedagogika institutida oʻquv auditoriyalarining ayanchli holati, eski oʻquv reja va dasturlar bilan ishlayotgan pedagoglar, institutning moddiy imkoniyati mavjud boʻlsa-da, ahvolni oʻzgartirishga harakat qilmayotgan institut rahbariyati tanqid qilinib, oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qaragan masʼullar faoliyatiga huquqiy baho berish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda oʻquv jarayonlariga zamonaviy AKTni joriy etish, ARMlar elektron tizimidagi muammolar, OTMlarda hanuzgacha saqlanib qolayotgan korrupsion holatlar, jumladan, nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlarni saralashda ayrim OTM masʼullari tomonidan adolatsiz yondashilgani, xususan, nepotizm holatlariga yoʻl qoʻyilganligi yuzasidan shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda eʼtirozlar bildirilayotgani aytilib, holatni oʻrganish va oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruh tuzilishi boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.