Vazir tahriridagi kitob chop etildi

    Kitobning har bir bobida texnik taraqqiyot va iqlimning global o'zgarishi davrida o'simlikshunoslik sohasidagi jahon ilmiy jamoatchiligining o'simliklar selektsiyasi bo'yicha eng so'nggi tadqiqotlari taqdim etilgan.

    InTechOpen xalqaro nashriyotida O'zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov tahriri ostida «O'simliklar selektsiyasi – hozirgi va kelajakdagi qarashlar» kitobi chop etildi. Mazkur kitob xalqaro miqyosda faoliyat yuritadigan etakchi olimlarning o'simliklar selektsiyasi, xususan, yangi ekin navlarini yaratish, nomaqbul tabiiy sharoitlar uchun selektsiya ishlari, o'simliklarning molekulyar selektsiyasidagi yangi uslublar, qishloq xo'jaligi ekinlari biotexnologiyasi masalalariga doir fikr-mulohazalarni o'z ichiga olgan.

    «O'simliklar selektsiyasi bu istalgan o'simliklar turlari yoki navlarini chatishtirish orqali o'simliklarning takomillashgan yoki yangi xususiyatlarini namoyon etish maqsadida foydali genotiplar variatsiyasini birlashtirishdir, – deb yozadi kitobning so'zboshisida akademik I.Abdurahmonov. – Buning natijasida o'simliklarning ma'lum iqtisodiy yoki ozuqaviy qimmatini oshirish muhimdir».

    Dastlabki gibridlash tabiiy genetik manbalardan yoki germoplazma to'plamlaridan zarur fenotipli o'simlik genotipini ajratib olishdan, shuningdek, an'anaviy kimyoviy yoki radiatsion mutagenez yoki zamonaviy gen muhandisligi texnologiyalaridan foydalangan holda yangi variatsiyalarni yaratishdan iborat. So'ngra zarur xususiyatlarni mustahkamlash maqsadida selfing yoki teskari gibridlash usullaridan foydalanib, bir qator nazorat changlash, yakunda esa zarur genotiplarni sun'iy saralash bosqichi o'tkaziladi.

    Kitobning har bir bobida texnik taraqqiyot va iqlimning global o'zgarishi davrida o'simlikshunoslik sohasidagi jahon ilmiy jamoatchiligining o'simliklar selektsiyasi bo'yicha eng so'nggi tadqiqotlari taqdim etilgan. Ularda o'simliklarning yangi navlarini chiqarish va ularni himoya qilish, keskin iqlim sharoitlariga moslashgan o'simliklarni yaratish, molekulyar markerlar texnologiyasidan foydalanish, transgenetika va genomni tahrirlash texnologiyasi sohasida o'z echimini topayotgan masalalarga e'tibor qaratilgan.

    Kitob olimlar, tadqiqotchilar, talabalar hamda mazkur fan yo'nalishiga qiziqqan o'quvchilarga mo'ljallangan.

    Nazokat ABDUQUNDUZOVA,

    Innovatsion rivojlanish vazirligi

    axborot xizmati rahbari