Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev proporsional saylov tizimi boʻyicha partiyalar roʻyxatida koʻrsatilgan amaldagi vazirlar taqdiri nima kechishi haqidagi savolga javob berdi.
Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarning dastlabki natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumanida “Oʻzbekiston ovozi” gazetasi jurnalisti Toshtemir Xudoyqulov amaldagi vazirlar roʻyxatning yuqori qismida turganini eslatib, ular deputat boʻlishni rad etishi mumkin yoki yoʻqligi haqida savol berdi.
“Qonunchiligimizda shunday tartib-tamoyil bor: vazir yoki boshqa tegishli davlat idorasi rahbari, yoki lavozimi deputatlik lavozimi bilan qoʻshib olib borishga toʻgʻri kelmaydigan holatlarda oʻsha nomzod 5 kun muddat ichida Markaziy saylov komissiyasiga yoki deputatlikda qolish, yoki oʻsha lavozimdan ishdan ketishi haqida ariza berishi kerak”, — dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi.
Eslatib oʻtamiz, saylov kodeksining 74−2-moddasiga koʻra, agar nomzod deputat boʻlishdan voz kechsa Markaziy saylov komissiyasi tegishli partiya roʻyxatidagi tartib raqami boʻyicha mandat olmagan keyingi nomzodga xabarnoma yuboradi.
MSK raisining taʼkidlashicha, ariza orqali nomzod yo deputatlik mandatini olishga yoki buni rad etib, vazir, boshqa davlat idorasi rahbari sifatida qolishga haqli.
“Bu oʻzining ihtiyoriga bogʻliq. Agar u vazir yoki boshqa davlat idorasida rahbari sifatidagi lavomida qolishni istasa, deputatlik mandati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatdagi undan keyingi nomzodga beriladi”, — dedi Zayniddin Nizamxodjayev.
27-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan deputatlik saylovlarining dastlabki natijalariga koʻra, yagona saylov okrugi boʻyicha Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasi 26 ta, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 14 ta, Ekologik partiya 10 ta, Xalq demokratik partiyasi 13 ta va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 12 ta oʻrin oldi.
Bundan kelib chiqadiki, amalda hukumat tarkibida boʻlgan va partiyalar roʻyxatida koʻrsatilgan quyidagi nomzodlar oʻz ihtiyori bilan deputatlik mandatini rad etishi mumkin boʻladi:
- Jamshid Xodjayev — bosh vazir oʻrinbosari — OʻzLiDeP
- Xilola Umarova — maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri — OʻzLiDeP
- Aziz Abduxakimov — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri — Ekologik partiya
- Akbar Tashkulov — adliya vaziri — “Adolat”
- Ozodek Nazarbekov — madaniyat vaziri — “Milliy tiklanish”
- Zulayxo Maxkamova — Bosh vazir oʻrinbosari — XDP
- Sherzod Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri — XDP.