Majlisda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan hududlarda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamga oid qonun hujjatlari ijro etilishi holati oʻrganilgani va mavjud muammolardan kelib chiqib hukumatga parlament soʻrovi yuborish taklifi kiritildi.
Soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishga alohida eʼtibor qilinayotganini “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida” va “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani bilan koʻrish mumkin.
Bugungi kunda, respublika boʻyicha sogʻliqni saqlash tizimidagi homilador, tugʻuvchi va tuqqan ayollar hamda yangi tugʻilgan chaqaloqlarga 226 ta tugʻruq muassasasi, shu jumladan 18 ta perinatal markaz va Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika “Ona va bola skrining” markazi, uning 13 ta hududiy filiali tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Shu bilan birga, mavjud tugʻruq muassasalarining sigʻimi mamlakatda tugʻilish darajasiga mos kelmasligi alohida qayd etildi.
2019–2023-yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturida belgilangan qator vazifalar oʻz vaqtida bajarilmaganligi, tugʻruq muassasalari, “Ona va bola skrining” markazlari moddiy-texnik holati hamda ularda belgilangan sanitariya meʼyorlariga rioya qilinishi, sohaga malakali kadrlarni jalb etish, mahallalarda har bir reproduktiv yoshdagi ayolni “Ayollar maslahatxonalari” va “Oʻsmir qizlar markazlari” tomonidan xizmat koʻrsatilishi boʻyicha qamrab olish masalasida muammolar mavjudligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan meʼyorlarni toʻliq ijrosini taʼminlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojlarni qondirish talab darajasida emas.
Koʻtarilgan masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda koʻzda tutilgan rejalar haqida tushuntirish berishni soʻrab, Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senat qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.