Dunyodagi murakkab vaziyat, transport-logistika va ishlab chiqarish zanjirlaridagi uzilishlar, energoresurslar bilan bogʻliq muammolar mamlakatimizga ham taʼsir qilayotgani taʼkidlandi.

Jahon moliya bozorlaridagi oʻzgarishlar taʼsirida chetdan jalb qilinadigan resurslar narxi oshayotgani qayd etildi.

Shu bois, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, tarmoq rahbarlari, hokimlar bu qiyin sharoitda imkoniyat izlashi, bor salohiyatni ishlatishi, taklif va tashabbus koʻrsatishi kerakligi, kelgusi yilga oʻziga aniq reja va masʼuliyat olishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yil 9 oyida sanoat 5,3 foizga oʻsdi. Lekin 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish 1,6 trillion soʻmga kamaygan.

Vazirlar Mahkamasiga ishlab chiqarish qisqargan tarmoqlardagi korxonalarga aylanma mablagʻi, soligʻi, transportiga yordam berib, toʻla quvvatga chiqarish boʻyicha topshiriq berildi.