Senatorlar mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish borasida hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralarni ijobiy baholadilar.
Olib borilgan islohotlar natijasida 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,9 foizni, jumladan, sanoat – 109,0 foizni, xizmatlar – 107,6 foizni, qishloq xo‘jaligi – 104,2 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 167,0 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 109,8 foizga o‘sgan.
Aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida 90,2 ming nafar fuqaro jumladan, 48,6 ming nafardan ortiq yoshlar hamda 59,6 ming nafar ayol kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘qitilgan.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,6 ming ishsiz fuqaroga 58 mlrd 900 mln so‘m subsidiya ajratilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari bo‘yicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismini hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 9 trln 800 mlrd so‘m sarflangan hamda mahalliy byudjetlarga aynan shu maqsadlar uchun 301 mlrd so‘m ssuda ajratilgan.
Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida jami 27 mln dozaga yaqin vaksina olib kelinib, 23 mln dozaga yaqin vaksina bilan qariyb 5 yarim million aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda to‘liq emlangan.
Shuningdek, mamlakatimizdagi qo‘shma korxonada ishlab chiqarilayotgan “Sputnik V” vaksinasi aholini emlash tadbirlarida foydalanish uchun topshirilgan.
Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilgan islohotlar natijasida 82 ta oilaviy shifokor punkti va 19 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgan.
Yalpi majlisda Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi alohida taʼkidlab o‘tildi.
Dasturning 49, 103, 105, 120-bandlardagi topshiriqlar belgilangan muddatlarda bajarilmagani oqibatida ayrim muhim vazifalar ijrosi o‘z vaqtida taʼminlanmaganiga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, hayot sug‘urtasi tarmog‘i hamda shaxsiy sug‘urtani aholi orasida ommalashtirish, ularni keng miqyosda targ‘ib qilish, shaxsiy sug‘urta turlarini rivojlantirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Turizm sohasidagi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan onlayn-platforma yaratish topshirig‘i talab darajasida bajarilmagan.
Ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga yo‘naltirilgan markazlashgan investitsiyalar samaradorligini oshirish, davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tizimini joriy etish yuzasidan hukumat qarori qabul qilinmagan.
Madaniy meros obyektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini taʼminlash doirasida barcha madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish hamda milliy ro‘yxatini qayta shakllantirish, madaniy meros obyektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Ayrim hududlarda Yoshlar texnoparklari faoliyatini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ahvolda ekanligi senatorlarning eʼtirozlariga sabab bo‘ldi.
Muhokamalar yakunida davlat dasturidagi barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.