Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi 847-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarori va 2019-yil 17-sentyabrdagi 778-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash” toʻgʻrisidagi qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatga olish tizimi joriy etilgan.

Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun tegishli tartib va talablar belgilangan boʻlib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun roʻyxatdan oʻtkazishni onlayn (veb-sayt, Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari portali), masofaviy (SMS/USSD-soʻrovlar) yoki roʻyxatdan oʻtkazish punktlariga shaxsan murojaat etish orqali amalga oshirish imkoniyatlari yaratildi.

Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun shaxsning pasport maʼlumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etish talab qilinadi. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan oʻrnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport maʼlumotlariga asosan fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tekshiriladi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Tizim operatori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Biroq, roʻyxatdan oʻtkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida foydalanuvchi bilan shaxs oʻrtasida kontakt boʻlmasligi sababli fuqarolarning pasport maʼlumotlarini aynan shu shaxsning oʻzi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni boʻlmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport maʼlumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish hollari kuzatilmoqda.

Uchinchi shaxslarning pasport maʼlumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Bugungi kunda tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov surishtiruv ishlari natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.