Vazirlik va idoralarda matbuot xizmati shtat birliklari soni oshiriladi

    Mamlakatimizda 20 Noyabr 2020 1887

    Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev matbuot xizmatlari faoliyati haqida gapirdi.

    «Bugungi kunda vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlarida yuklamalar juda katta. Ular nafaqat matbuot anjumani yoki brifinglarni uyushtirishi, shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni ham yuritishi, internetda bildirilgan fikrlarga munosabat bildirib borishi lozim. Shu bois biz vazirlik va idoralarga matbuot xizmati shtat birliklari sonini oshirish, agar bunday imkoniyat boʻlmasa, shartnoma asosida ishga jalb etish boʻyicha takliflarni berganmiz.

    Noyabr oyida Agentlik tomonidan 120 nafar matbuot kotibining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-seminarni yakunlayapmiz. Bu — matbuot kotiblarining noxolis munosabatlarga tezkor javob berish imkonini beradi.

    Shuningdek, biz belgilagan seminarlar siklida jurnalistlarni ham oʻqitish va malakasini oshirish masalasi ham koʻzda tutilgan.

    Yana bir muhim jihat — biz axborot berish imkonini oshirish maqsadida nafaqat AOKAda, balki Milliy matbuot markazida ham anjumanlar oʻtkazishni rejalashtiryapmiz. Bu boʻyicha maxsus media-rejalar ishlab chiqilgan, tez orada rasmiy veb-saytimiz hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda eʼlon qilinadi.

    Bundan tashqari, tegishli hokimliklar, boshqarmalar bilan hamkorlikda hududlarda ham matbuot anjumanlari, brifing hamda press-turlar tashkil etish ishini kengaytirish koʻzda tutilyapti.

    Biz faqatgina muloqotni kuchaytirish, tashkilot va idoralarning ochiqligini taʼminlash hamda matbuot kotiblarining faoliyatini takomillashtirish orqali noxolis va yolgʻon axborotlar tarqalishining oldini olishimiz mumkin», deydi Xodjayev.